Belarusda oʻtkazilgan «Faqat olgʻa!» shiori ostidagi xalqaro amaliy oʻq otish turnirida O'zbekiston Milliy gvardiyasi jamoasi faxrli oʻrinni egalladi. Mazkur turnirda 6 ta davlatdan 25 ta jamoa ishtirok etdi.
Joriy yilning 1-8 iyun kunlari Belarus Respublikasida oʻtkazilgan Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalari va huquqni muhofaza qilish organlarining operativ-jangovar guruhlari oʻrtasida amaliy (taktik) oʻq otish boʻyicha VI ochiq turniri boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilari ishtirok etib, 6 ta davlatning 25 ta jamoasi orasida gʻoliblar qatoridan joy olishdi.
"Faqat olgʻa!" shiori ostida boʻlib oʻtgan turnirda eng kuchli 25 ta jamoalar safida Belarus, Rossiya, Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Vetnam va Tojikiston davlatlaridan kelgan ishtirokchilar gʻoliblik uchun bellashishdi. Shuningdek, mashq poligonida Birlashgan Arab Amirliklari maxsus boʻlinmalari kuzatuvchi sifatida qatnashdi.
Mazkur turnirning asosiy maqsadi jamoalar oʻrtasida nafaqat tezkorlik va aniqlikni sinovdan oʻtkazish, balki tajriba almashishdan iborat hisoblanadi.
Musobaqaga eng yaxshi jangovar boʻlinmalar tashrif buyurishib, shahar sharoitda har bir bosqichdagi vazifalarni haqiqiy jangovar sharoitlarga maksimal darajada yaqinlashtirilgan muhitda amalga oshirishdi.
Musobaqa yakunlariga koʻra birinchi va uchinchi oʻrinni Rossiya federatsiyasining Rossgvardiya va «Tayfun» maxsus boʻlinmalari qoʻlga kiritishgan boʻlsa, faxrli ikkinchi oʻringa Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi jamoasi sazovor boʻldi.
Bugun tongda gvardiyachilar poytaxtimizdagi xalqaro aeroportda harbiy orkestr sadolari ostida Milliy gvardiya qoʻmondonligi, safdoshlari va yaqinlari tomonidan munosib kutib olindi.
Belarus Respublikasida oʻtkazilgan ushbu tadbirda ishtirok etgan harbiy xizmatchilarimiz raqiblarining bugungi kunda jahonda yuz berayotgan jangovar harakatlarda bevosita qatnashgan maxsus boʻlinmalar boʻlishlariga qaramasdan, ulardan ustun boʻlib, matonat va jasorat koʻrsatib yurtimizga gʻolibona qaytib kelishi munosabati bilan Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazida ularni taqdirlashga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Unda Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik S.Mamayusupov ishtirok etib, musobaqadagi mardonavor harakatlari yuqori baholanib Milliy gvardiya qoʻmondon buyrugʻi bilan mukofotlangan harbiy xizmatchilar munosib ragʻbatlantirildi.
Maʼlumot oʻrnida, oʻtgan yili boʻlib oʻtgan musobaqalarda 3-oʻringa loyiq topilgan edi.