Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida navbatdagi bitiruvchilarga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu o‘quv kursi davomida tinglovchilarga markazning yuqori malakali o‘qituvchilari tomonidan harbiy xizmatning turli yo‘nalishlarida chuqurlashtirilgan nazariy va amaliy bilimlar berildi. Xususan, o‘q otish, balandlikni ishg‘ol qilish, jismoniy va ruhiy tayyorgarlik, aloqa, razvedka, maxsus taktik tayyorgarlik, moddiy-texnik ta’minot, muhandislik va taktik tibbiy tayyorgarlik, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ishlash bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar zamonaviy texnika va ilg‘or metodikalardan foydalangan holda, real xizmat sharoitlariga yaqin tarzda o‘tkazildi. Bu tinglovchilarga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha zarur nazariy bilimlarni chuqur egallash va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash imkonini berdi.
Bitiruvchilar o‘quv kursi orqali murakkab vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qarorlar qabul qilish, jamoada ishlash, mustaqil fikrlash va yuqori darajadagi professional tayyorgarlikni namoyon etish bo‘yicha tayyor bo‘ldilar.
Tadbir doirasida markazni muvaffaqiyatli tamomlagan 121 nafar tinglovchiga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.