Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi”da umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Yosh gvardiyachilar” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi davom etmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan mazkur musobaqada respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurgan 14 ta jamoa ishtirok etmoqda. Jamoalar umumta’lim maktablarining 9–11-sinf o‘quvchilari orasidan jismonan chiniqqan, intellektual salohiyati yuqori hamda intizomli yoshlar tarkibidan shakllantirilgan.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 10 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashmoqda. Harbiy-sport sinovlari orqali o‘quvchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi, tezkor fikrlashi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etmoqda. Bellashuvlar saf tayyorgarligi, estafeta, harbiy ko‘nikmalar, sport mashqlari hamda intellektual bahslarni o‘z ichiga olgan.
Mazkur tadbir yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishni oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.