Yoshlar siyosatiga oid ustuvor vazifalar doimiy e’tiborda
Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi boshqaruv apparatida Toshkent shahar Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi voyaga yetmaganlar va o‘quvchi yoshlar, shuningdek, alohida e’tibor talab etiladigan yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida profilaktik davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari S. Mamayusupov, Yunusobod tuman hokimligi, ichki ishlar bo‘limi, maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Uchrashuv davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, qulay shart-sharoitlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida uchrayotgan ayrim salbiy holatlar, ularning oldini olish hamda profilaktik choralar masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlarning qiziqishlari, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kelajakdagi orzu-maqsadlari va rejalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida yoshlarning bildirilgan taklif va tashabbuslaridan kelib chiqib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq rejalar belgilab olindi. Jumladan, yoshlarni ta’lim, kasb-hunar hamda sport to‘garaklariga keng jalb etish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.