Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlida mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga masʼul boʻlgan Milliy gvardiya shaxsiy tarkibining jangovar va jismoniy tayyorgarligi zamon talablariga mos takomillashtirib borilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisidagi Qonunida belgilangan asosiy vazifalar doirasida Milliy gvardiya shaxsiy tarkibning jangovar shayligini yuqori darajaga koʻtarish va maxsus taktik tayyorgarligini zamon talablariga mos takomillashtirib borishga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlar, Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor R.Djurayev tomonidan kuni kecha Xorazm viloyatida amalga oshirilib, hududiy boshqarma shaxsiy tarkibining jangovar shayligi va jismoniy tayyorgarlik darajasi tekshirildi.
Unda boʻlinmalarning oʻziga xos vazifalaridan kelib chiqqan holda gvardiyachilarning shahar sharoitidagi nostandart vaziyatlarda ishonchli harakatlari hamda komandirlarning aniq va toʻgʻri qaror qabul qilishlari, shuningdek, boshqaruv tizimining zamonaviy usullari koʻzdan kechirildi.
Amaliy mashgʻulotlar haqiqiy holatga yaqinlashtirilgan tarzda olib borilib, gvardiyachilar oʻziga biriktirilgan jangovar qurollar va maxsus vositalari, shuningdek xizmat itlaridan toʻgʻri foydalangan holda shahar sharoitida antiterror harakatlari va garovga olinganlarni ozod qilishda yuqori darajadagi tayyorgarliklarini namoyon qilishdi. Mashgʻulot mobaynida jarohat olish holatlari ham koʻzda tutilib, unda har bir gvardiyachi oʻziga va safdoshiga birinchi tibbiy yordam koʻrsata olishi kabi muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir soʻngida qoʻmondon tomonidan har qanday xavf-xatarlarni oldini olish va bartaraf etish borasida shaxsiy tarkibning yuqori jangovar va jismoniy tayyorgarligini taʼminlash, xususan gvardiyachilarning "Pekiti Tirsia Kali" jang sanʼatini puxta oʻzlashtirishlari, dron va ularga qarshi vositalarni qoʻllash usullariga oid vazifalar belgilanib, mazkur yoʻnalishdagi amalga oshirilayotgan ishlarni jahon tajribalaridan kelib chiqqan holda doimiy ravishda takomillashtirib borilishiga oid tegishliligi boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shu kunning oʻzida, Milliy gvardiya qoʻmondoni raisligida va tizimdagi barcha shaxsiy tarkib ishtirokida videoselektor tarzidagi yigʻilish oʻtkazilib, unda tizim faoliyatiga doir muhim vazifalar va tashkiliy masalalar kun tartibidan joy oldi.
Xususan, Milliy gvardiya faoliyatiga oid 2025 yilga belgilab olingan muhim vazifalar va ularning amaliy ijrosi hamda qoʻmondonlik tomonidan manzilli oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar va ijobiy koʻrsatkichlar muhokama qilinib, viloyatlar kesimida tanqidiy tahlil qilingan holda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar belgilab olindi.