Sirdaryo viloyatida joylashgan Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan oʻquv markazi “Dolzarb 90 kun” doirasida viloyat oʻquvchi yoshlarini “Shijoat va gʻayrat” harbiy sport musobaqasi orqali bir maqsad sari birlashtirdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 1 iyundan 30 avgustgacha amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida respublikamiz boʻylab yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, sogʻlomlashtirish hamda ularni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, yoshlar oʻrtasida ommaviy va harbiy sport musobaqalarini tizimli tashkil etish orqali sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda harbiy xizmatga boʻlgan qiziqishini oshirish maqsadida Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan oʻquv markazida Davlat xavfsizlik xizmati, Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi, Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi, Mudofaa boshqarmasi, Sport boshqarmasi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamkorligida “Shijoat va gʻayrat” harbiy-sport musobaqasining Sirdaryo viloyati bosqichi oʻtkazildi.
Unda tuman va shahar bosqichi gʻoliblari 6 ta shart asosida bellashib, jismoniy, jangovar va bilim jihatdan qanchalik tayyorgarlikka ega ekanliklarini namoyish etdilar.
Oʻquvchilarning koʻrsatkichlari hakamlar hayʼati tomonidan xolis baholanib, musobaqa gʻoliblari aniqlandi. Unga koʻra, 1-oʻrin Mirzaobod tumani jamoasiga, 2-oʻrin Sardoba tumani jamoasiga va 3-oʻrin Sirdaryo tumani jamoasiga nasib etdi.
Har bir gʻolib boʻlgan jamoa ishtirokchisi diplom, qimmatbaho esdalik sovgʻalari va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
“Dolzarb 90 kun” doirasidagi mazkur tadbir yoshlarning samarali yozgi taʼtilini tashkil etishga, ularning harbiy kasbga boʻlgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi.