O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizlik universitetida birinchi bosqich kursantlarining Vatanga qasamyodiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida, yurtimiz tinchligi hamda osoyishtaligini ta’minlashdek mas’uliyatli va sharafli kasb egasi bo‘lishga bel bog‘lab, Milliy gvardiya saflarida xizmat qilishni niyat qilgan yigit-qizlar bugun o‘z maqsadlari sari dastlabki qadamlarini qo‘yishdi. Xususan, Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetida 1-bosqich kursantlari uchun unutilmas kun bo‘lib, ular tantanali ravishda “Vatanga qasamyod” qilishdi.
Tantanali marosimda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi E.Abdulhakimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari X.Hayitov va M.Ahmedovalar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati vakili, Respublika harbiy sudi raisi S.Eshankulov, Respublika harbiy prokurori o‘rinbosari A.Homidov, shuningdek hamkor vazirliklar mutasaddi rahbarlari, faxriylar, keng jamoatchilik hamda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi.
Tadbirni Milliy gvardiya qo‘mondoni ochib berib, yurtimiz bo‘ylab “Vatan uchun, Millat uchun, Xalq uchun!” shiori ostida keng nishonlanayotgan Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami arafasida “Vatanga qasamyod” qilib turgan o‘g‘il-qizlar va ularning yaqinlariga samimiy tilaklarini bildirdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu tamoyilga asoslangan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi amalda qudratli harakatga aylanganligi yodga olinib, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar negizida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yotganligi, uni asrab avaylash esa barchamizning burchimiz ekanligi ta’kidlandi. Shu sabab Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz tinchligini ta’minlashning ishonchli kafolati bo‘lgan Milliy Armiyamizning jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganligi, bu borada Milliy gvardiya tizimida, xususan, Jamoat xavfsizligi universitetida ham oliy harbiy bilim yurti rahbari polkovnik M.Rustambayev boshchiligida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2025 yil 29 iyuldagi 233-son Qarori bilan Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari uchun “Oliy Bosh Qo‘mondon davlat stipendiyasi” ta’sis etilgani va o‘quv yili yakuni natijalariga ko‘ra eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan kursant mazkur stipendiya sohibi bo‘lishi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan kursantlar uchun “Milliy gvardiya Qo‘mondoni stipendiyasi” ham joriy qilingani va bugungi marosim davomida o‘tgan o‘quv yilida yuqori natijalarga erishgan, intizomi va shaxsiy fazilatlari bilan boshqa kursantlarga namuna bo‘layotgan, fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirgan va ushbu stipendiya sohibi bo‘lgan gvardiyachi kursant e’lon qilindi.
Shundan so‘ng, qo‘mondon buyrug‘i o‘qib eshittirilib, 4-kurs kursanti Yunusxo‘jayev Olimxo‘ja Muxtor o‘g‘liga “Milliy gvardiya Qo‘mondoni stipendiyasi” guvohnomasi va ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Bu imkoniyatlar yoshlarimizni yuqori marralar va yuksak maqsadlar sari yanada ildamroq harakat qilishlariga shijoat, kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ham qo‘mondon tomonidan bildirilgan yorqin fikrlarni qo‘llab quvvatlagan holda, bu qasamyod Vatanni himoya qilishdek muqaddas burchni o‘zida mujassam etgan huquqiy hujjat ekanligi e’tirof etildi. Shuningdek, Qurolli Kuchlar safiga kirgan yosh harbiy xizmatchining hayotidagi unutilmas kun ekanligi ta’kidlandi va ushbu bayram bilan kursantlar hamda ularning xursandchiligiga sherik bo‘lib turgan ota-onalari samimiy muborakbod etildi.
Joriy yilda ushbu muassasaga o‘qishga kirish uchun uch mingdan ortiq nomzodlar hujjat topshirib, bir o‘ringa 10-11 nafar nomzod tanlovlarda ishtirok etdi. Shulardan o‘rnatilgan tartibdagi sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 334 tasi o‘qishga qabul qilindi va ular bilan avgust oyida boshlang‘ich kasbiy va jangovar jismoniy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida o‘quv-dala sharoitida mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Ayni vaqtda “Vatanga qasamyod” qabul qilgan yigitlar qatori To‘maris izdoshlari bo‘lgan qizlarning ham shijoat bilan safda turganliklari mamlakatimizda gender tenglik masalasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin namunasidir. Qolaversa, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining ham ushbu bilim yurtida tahsil olishi — “Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlarning amaliy natijasidir.
Yuqori saviyada tashkillashtirilgan ushbu tadbir davomida Universitet kursantlari tomonidan qo‘l jangi, Pekiti Tirsiya Kali va qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlar hamda dronlar shousi mehmonlarga havola etildi.
Barchada katta taassurot qoldirgan ushbu tantanali marosim yakunida kursantlar ota-onalari va yaqinlari bilan ko‘rishishdi. Ilk bor harbiy libosda esdalik uchun fotosuratlar, quvonchli ko‘z yoshlari, faxr va iftixor tuyg‘ulari — bir umrga qalblarga muhrlandi.