Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayevning navbatdagi manzilli ishlari Jizzax viloyatida amalga oshirildi.
Joriy yilning 4 iyun kuni Jizzax viloyatida amalga oshirilgan manzilli ishlar davomida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev va viloyat hokimi U.Mustafayev boshchiligida, hamkor vazirliklar va tashkilotlar mutasaddi rahbarlari ishtirokidagi ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Davlatimiz rahbarining Qarorlari va sohaga oid belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosi muhokama qilindi.
Shuningdek, oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri, Yurtboshimizning “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori talablari va amaliy ijrosiga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axborotlari tinglandi.
Milliy gvardiya Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasida esa kuch tuzilmalari hamkorligidagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev hamda viloyatning huquq tartibot idoralari rahbarlari ishtirok etishdi.
Mashg‘ulot davomida harbiy xizmatchilarning jangovar va jismoniy tayyorgarligi, xususan shahar sharoitdagi nostandart vaziyatlarda maxsus bo‘linmalarning hamkorlikdagi aniq va ishonchli harakatlari, boshqaruv tizimining zamonaviy usullari, shuningdek dron va ularga qarshi vositalaridan foydalanish amaliyotiga alohida e’tibor qaratildi va ushbu yo‘nalishdagi ishlar jahon tajribalaridan kelib chiqqan holda takomillashtirib borilishiga oid vazifalar belgilab berildi.
Shundan so‘ng, aholi gavjum joylar, xususan xiyobonlar, parklar, savdo majmualari, bozorlar va machitlar o‘rganilib, fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, tadbirlar davomida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ishonchli ta’minlanishi borasida hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan xizmatni kuchaytirish masalalari yuzasidan tegishliligi bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Manzilli ishlar davomida yana bir muhim masalaga alohida e’tibor qaratilib, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasidagi ishlar, xususan 1 iyundan 30 avgustgacha maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish borasidagi vazifalar ijrosi yuzasidan viloyat, tuman va mahallalar kesimida belgilab olingan hamkorlikdagi ishlar o‘rganildi.
Bu borada Milliy gvardiya Chavandozlar maktabida sport komplekslarni tashkil qilinishi va aholini ayniqsa yoshlarni keng jalb qilinishi, ushbu maskanda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklar va sport seksiyalarini kengaytirish orqali o‘quvchi yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga oid chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga vazifalar belgilandi.
Tadbir so'ngida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotida faol ishtirok etgan kuch tuzilmalarining bir guruh harbiy xizmatchi va xodimlar Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan munosib rag‘batlantirildi.