O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari, Hindiston Milliy xavfsizlik gvardiyasi “Manesar” o‘quv markazida tashkillashtirilgan “Portlovchi moddalarni zararsizlantirish” bo‘yicha o‘quv yig‘inida ishtirok etgan davlatlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada birinchi o‘rinni egallashdi
Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus bo‘linmalarda sun'iy intellekt, robot va dronlar hamda ularga qarshi vositalarining zamonaviy usullarini takomillashtirib borish, shuningdek maxsus bo‘linmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda joriy yilning 17-29 mart kunlari Hindiston Milliy xavfsizlik gvardiyasi “Manesar” o‘quv markazida Nepal, Mozambik, Hindiston va O‘zbekiston harbiylari ishtirokida “Portlovchi moddalarni zararsizlantirish” bo‘yicha o‘quv yig‘ini bo‘lib o‘tdi.
Mazkur o‘quv yig‘inida ishtirok etgan davlatlarning harbiy xizmatchilari o‘rtasida 27-29 mart kuni tashkillashtirilgan o‘zaro musobaqada, jismoniy va maxsus tayyorgarlik sinovlari xususan, portlovchi moddalarni aniqlash va ularni zararsizlantirish, aniqlangan portlovchi moddalar xususiyatlarini tushuntirib berish, qo‘l jangi usullarini bajarish, qo‘lbola portlovchi moddalarni vaqtga bajarish, 5 km masofaga 10 kg yuk bilan yugurish va 26 elementdan iborat jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan o‘tish kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajargan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
O‘zbekiston harbiylarining o‘quv yig‘inidagi ishtiroki va o‘tkazilgan musobaqada erishgan natijalari tashkilotchilar tomonidan yuqori baholanib, ular tadbir so‘ngida munosib rag‘batlantirildi.
Joriy yilning 30 mart kuni esa harbiy xizmatchilarimiz katta leytenant Z.Muxammadjanov, leytenant J.Ne'matov va 3-darajali serjant A.Ahmedovlar Milliy gvardiya qo‘mondonligi, safdoshlari va yaqinlari ishtirokida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindilar.