“Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi gʻoliblari munosib taqdirlandilar
Mazkur musobaqa har yili oʻtkazilishi anʼanaga aylanib ulgurgan holda Milliy gvardiya, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamkorligida oʻtkazib kelinmoqda.
Milliy gvardiya Toshkent Temurbeklar maktabida uch kun davomida boʻlib oʻtgan ushbu musobaqada respublikamiz boʻylab Toshkent shahri va viloyat bosqichlaridan oʻtgan bittadan jamoalar va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 2 ta jamoa jami 16 ta jamoa ishtirok etdi. 9-11 sinf oʻquvchilaridan shakllantirilgan jamoalar 10 ta shart boʻyicha oʻzaro raqobatlashdi. Ishtirokchilarni bir maqsad sari birlashtirgan ushbu harbiy-sport musobaqasining yakuniy natijalariga koʻra gʻolib boʻlgan jamoalarni taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosim Milliy gvardiya markaziy devonida boʻlib oʻtdi.
Unda Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor R. Djurayev, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari F.Boqiyev, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Saʼdullayev va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi X.Sattarovlar ishtirok etishib, oʻquvchilarni mazkur tadbirda muvaffaqiyatli qatnashganligi munosabati bilan samimiy tilaklarini bildirishdi. Shundan soʻng, rahbarlar tomonidan gʻoliblarga diplom, medal va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi hamda turli nominatsiyalar boʻyicha ham jamoa sardorlari munosib ragʻbatlantirildi.
Xususan, birinchi oʻrin gʻolibi boʻlgan Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahridan tashrif buyurgan 11-sonli maktab jamoasi medal, diplom, kubok va 43-dyuymli televizorlar topshirildi.
Ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida joylashgan 18-maktab jamoasining har bir ishtirokchisiga velosiped, diplom, medal va musobaqa kubogi bilan ragʻbatlantirildi. Soʻngra esa 3-oʻrinni egallaganligi uchun Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 168-maktab jamoasi ishtirokchilari 32-dyuymli televizor, diplom, medal va musobaqa kubogi bilan taqdirlanadilar.
Tadbir soʻngida Milliy gvardiya alohida namunali orkestri jamoasi tomonidan musiqiy chiqishlar namoyish etilib, barcha ishtirokchilarga xushkayfiyat ulashildi. Shundan soʻng, tadbir mehmonlari va Yosh gvardiyachilar tomonidan xizmat vazifasini bajarish chogʻida jasorat koʻrsatib, qahramonlarcha halok boʻlgan safdoshlarimiz nomlari bitilgan “Xotira maydoniga” gulchambarlar qoʻyildi.
Musobaqada ishtirok etgan barcha oʻquvchilar uchun Milliy gvardiya qoʻmondonligi tomonidan ekskursiya va madaniy-koʻngilochar tadbirlar tashkillashtirildi. Ayniqsa, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizda joylashgan Gʻalaba bogʻida bunyod etilgan “Matonat madhiyasi” yodgorligi hamda "Xotira nuri" kompozitsiyalari oʻquvchilarda katta taassurot qoldirdi.