Farg'ona viloyatida “Dolzarb 90 kun” doirasida o'tkazilgan “Shijoat va gʻayrat” harbiy sport musobaqasi yoshlarni bir maqsad sari birlashtirdi.
Yosh avlodni Vatanga muhabbat, harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida Fargʻona viloyatida “Shijoat va gʻayrat” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.
Mazkur musobaqa Milliy gvardiyaning Fargʻona viloyati boshqarmasi, viloyat hokimligi, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Mudofaa ishlari boshqarmasi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Qizgʻin va murosasiz kurashlarga boy boʻlgan musobaqa yoshlar uchun haqiqiy sinov maydoniga aylandi. Unda viloyatning shahar va tuman bosqichlarida gʻolib chiqqan jamoalar oʻzaro bellashdilar. Ishtirokchilar 6 ta shart bo‘yicha kuch sinashib, epchillik, jismoniy tayyorgarlik, harbiy bilim va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Musobaqa yakunida gʻolib va faol ishtirok etgan jamoalar tantanali tarzda taqdirlandi. Hamkor tashkilotlar tomonidan ularga diplomlar, tashakkurnomalar hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.
“Shijoat va gʻayrat” musobaqasi yildan-yilga keng miqyosda oʻtkazilib, oʻquvchi-yoshlarni Vatanga muhabbat va harbiy xizmatga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda sogʻlom hayot tarziga boʻlgan intilishni kuchaytirish hamda kelajakda yurtga sidqidildan xizmat qilishga puxta tayyorlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.