Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari jamoat joylarida huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarni kuchaytirmoqda.
So‘nggi 24 soat ichida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda jamoat joylarida 40 dan ortiq maʼmuriy huquqbuzarliklarni aniqladi.
Shu bilan birga, jamoat joylarida alkogol mahsulotlari isteʼmoli bilan bog‘liq 31 ta holat qayd etildi.
Jumladvn, poytaxtning Quyliq bozorida 50 yoshli B.A. spirtli ichimlik isteʼmol qilgani uchun sayyor sud tomonidan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) bilan 4 ta bayonnoma rasmiylashtirildi.
Xususan, Farg‘ona shahridagi “Al-Farg‘oniy” istirohat bog‘ida 36 yoshli S.X. o‘z tanishlari bilan janjal chiqarib, atrofdagilarning tinchlantirishga qilgan harakatlarini eʼtiborsiz qoldiradi. Natijada ushbu holat yuzasidan Milliy gvardiyaning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan bayonnoma tuzilib, materiallar sudga taqdim etildi.
Bundan tashqari, kechasi fuqarolar tinchligini buzayotgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar belgilanmoqda.
Jumladan, poytaxtning Olmazor tumani Farobiy ko‘chasida o‘z avtomashinasida musiqani baland ovozda eshitgan 20 yoshli X.N. ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 192-moddasi (“Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish”) bilan huquqbuzarlik sodir etganligi haqida bayonnoma tuzildi.
Taʼkillash joizki, qonun va tartibni buzuvchilar har doim ham Milliy gvardiya xodimlarining ogohlantirishlariga yetarlicha munosabat bildirmay, huquqbuzarlikni to‘xtatish haqidagi talablarini bajarmayaptilar. Masalan, o‘tgan kun davomida O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-1-moddasi (“O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablariga rioya qilmaslik”) bilan ikkita bayonnoma tuzildi.
Yana bir holatda Andijon shahrida 19 yoshli M.Z sport majmuasiga tashrif buyuruvchilar bilan tortishib, uni tartibga chaqirgan Milliy gvardiyaning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilariga qarshilik ko‘rsatgan.
Guliston shahri, “Yurt bayrog‘i” maydonida 19 yoshli N.N. o‘zini noo‘rin tutib, xulq-atvor qoidalariga eʼtibor bermay, posbonlarning huquqbuzarlikni to‘xtatish bo‘yicha talablariga bo‘ysunmagan.
Natijada ularga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-1-moddasi bilan bayonnoma tuzilib, ikkala ish bo‘yicha materiallar sudlarga taqdim etildi.