Milliy gvardiya tizimida “Eng ilg‘or saf tayyorgarligi bo‘linmasi” ko‘rik tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Milliy gvardiya tizimida shaxsiy tarkibning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va harbiy tayyorgarlik darajasini yanada oshirish maqsadida “Saf tayyorgarligi bo‘yicha eng ilg‘or bo‘linma” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Jamoat xavfsizligi universiteti saf maydonida mazkur ko‘rik-tanlovning tantanali ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, gvardiyachilar va kursantlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar bu tanlov orqali shaxsiy tarkib o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, birdamlik va jamoaviy harakatlarni mustahkamlash, shuningdek, har bir xizmatchining o‘z burchiga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish maqsad qilinganligi, ayniqsa, “Jasorat maktablari” o‘quvchilarining ishtirok etishi yurtimizda vatanparvarlik tarbiyasi, harbiy sohaga qiziqishni oshirish, kelajak avlodning yuksak ma’naviy salohiyatini shakllantirishda muhim qadam hisoblanishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, shaxsiy tarkib jangovar chaqiriq va tantanali marsh bilan o‘z tayyorgarligini namoyish qilib, har bir bo‘linma o‘z saf qo‘shiqlari hamda qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish qildi.
Mazkur tanlov Qurolli Kuchlar Saf nizomi talablari ijrosini ta’minlash, qurol bilan maxsus saf mashqlarini a’lo darajada bajarish, shaxsiy tarkib o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish hamda “Jasorat maktablari” o‘quvchilarida harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish kabi muhim maqsadlarga xizmat qiladi.