O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya tizimida fidokorona xizmat qilib kelayotgan bir guruh gvardiyachilarga davlat mukofoti va idoraviy mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan, Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami bu yil “Vatan uchun, Millat uchun, Xalq uchun!” bosh g‘oyasi ostida keng nishonlanmoqda va bunda Milliy istiqlolimizning eng buyuk maqsadi insonga e'tibor, uning qadrini mehnatini ulug‘lash, olijanob xalqimizning izzat-hurmatini joyiga qo‘yish asosiy maqsad qilib olingan.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan barcha soha vakillari qatori harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni bilan 9 nafar gvardiyachilar ham munosib taqdirlandilar.
Bayram munosabati bilan bugun Milliy gvardiya markaziy devonida tantanali tadbir tashkillashtirildi. Unda tarkibiy va hududiy bo‘linmalar, harbiy qism va ta'lim muassasalari shaxsiy tarkibi, ishchi xodimlari hamda faxriylar kengashi a'zolari ishtirok etishdi. Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djuraev barcha shaxsiy tarkibni mustaqilligimizning 34 yilligi bilan tabriklab, samimiy tilaklarini bildirdi.
Shundan so‘ng, Yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ta'minlashdek mas'uliyatli hamda sharafli burchini bajarish chog‘ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani, shuningdek yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi samarali xizmatlari uchun bir guruh gvardiyachilarimizga Yurtboshimiz Farmoni bilan berilgan yuksak davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
“Shuhrat” medali sohibi bo‘lgan Milliy gvardiya markaziy devoni katta ofitseri Ashirmatova Barno Saataliyevnaga davlat mukofotining bevosita Davlatimiz rahbari tomonidan topshirilishi — Milliy gvardiya faoliyatiga bo‘lgan yuksak ishonch va e'tiborning yorqin ifodasi ekanligi va butun tizim shaxsiy tarkibi uchun katta sharafligi ta'kidlab o‘tildi.
Shuningdek, eng ulug‘, eng aziz bayram Mustaqillik kuni munosabati bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘iga asosan xizmatda yuqori natijalarga erishgan 6 nafar rahbar xodimlarga navbatdagi “polkovnik” harbiy hamda maxsus unvoni hamda 400 dan ortiq gvardiyachilarga idoraviy ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur bayram munosabati bilan tizimda faoliyat yuritib kelayotgan gvardiyachilar, faxriylar hamda ishchi-xizmatchilarning munosib taqdirlanganligi, ularning keyingi xizmat davomidagi shijoatini oshirishga xizmat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Fursatdan foydalanib barcha yurtdoshlarimizni mustaqilligimizning 34 yilligi bilan samimiy muborakbod etamiz. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!