"Regbi-15" sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida Milliy gvardiya jamoasi faxrli 1-o’rinni egalladi
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, so‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, sportning har xil turlarini, shu jumladan regbini yanada ommalashtirish, regbining rivojlanishi, aholi turli qatlamlari, eng avvalo yoshlar o‘rtasida ushbu sport turi faollashtirish, ular orasidan iqtidorli regbichilarni saralash (seleksiyalash) regbi musobaqalarini tashkillashtirish kompleks chora-tadbirlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 9-14-iyun kunlari Mudofaa vazirligining sport majmuasida "Regbi-15" sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur chempionatda viloyat bosqichlaridan o’tib, Respublika bosqichiga yetib kelgan 4 ta jamoa xususan, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi hamda Xorazm viloyati terma jamoalari ishtirok etishdi.
Besh kun davom etgan musobaqada terma jamoa sportchilari musobaqada oʻzlarining epchilligini va tezkorligini namoyon etishdi. Jamoalar gʻoliblik uchun kurash olib borishdi. Bahslar musobaqa qoidalariga muvofiq olib borilib, har bir oʻyin 40 daqiqadan iborat boʻlib, 2 taymni tashkil etdi. Musobaqa yuqori saviyada oʻtkazilib, jamoalar musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrganliklarini isbotlashdi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko’ra, faxrli 1-o’rinni Milliy gvardiya jamoasi qo’lga kiritdi. 2-o’rinni Mudofaa vazirligi jamoasi egallagan bo’lsa, 3-o’rin Ichki ishlar vazirligi jamoasiga nasib etdi.
Sovrinli o’rinlarga sazovor bo’lgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va esdalik sovg’alari bilan munosib taqdirlandilar.
Ma’lumot o’rnida aytib o’tish kerakki, Regbi sport oʻyini ikki jamoadan iborat bo’lib, ishtirokchilar tuxumsimon shakldagi toʻp bilan maxsus maydonchada oʻynaydi. O’yinning asosiy maqsadi - toʻpni bir-biriga qoʻlda (orqaga) yoki oyoqda (xohlagan yoʻnalishda) oshirib, uni raqib maydonidagi darvoza chizigʻi orqasiga tushirish yoki darvozaga kiritishdan iborat. Raqibni ushlab yoki yelka bilan turtib yiqitib, unga xalaqit berish mumkin. Oʻyin qoidasi buzilganda „olishuv“ - toʻp talashish belgilanadi. Koʻp ochko toʻplagan jamoa yutgan hisoblanadi.