"Regbi-15" sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati g‘oliblari munosib rag‘batlantirildi
Avval xabar berganimizdek, 9-14-iyun kunlari Mudofaa vazirligining sport majmuasida "Regbi-15" sport turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida viloyat bosqichlaridan o‘tib, Respublika bosqichiga yetib kelgan 4 ta jamoa xususan, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi hamda Xorazm viloyati terma jamoalari ishtirok etishdi. Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, faxrli 1-o‘rinni Milliy gvardiya jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lib, bugun Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida chempionlarni tantanali taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yuqori shukuhda tashkil etilgan tadbir davlatimiz madhiyasi bilan boshlanib, unda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari A.Sormonkulov o‘tkazilayotgan musobaqalar va erishilayotgan yutuqlar, harbiy xizmatchilarimizni tajribasini hamda professionallik darajasini oshirish bilan cheklanib qolmay, kelgusida Osiyo va jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun yangi terma jamoalarni shakllantirish uchun xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘i o‘qib eshittirilib, O‘zbekiston chempionatida yuqori natijalarni egallagan sportchi va murabbiylar munosib rag‘batlantirildi.
Barcha ishtirokchilarga III darajali “Namunali xizmatlari” uchun va “Milliy gvardiya fidoyi xodimi” ko‘krak nishonlari, “Esdalik qo‘l soati”, faxriy yorliq va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.