SAMARALI HAMKORLIKNI YANADA MUSTAHKAMLASH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
Milliy gvardiyaning Xalqaro hamkorlik boshqarmasi tomonidan xorijiy sheriklar bilan samarali hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash va kengaytirish borasida ko‘plab uchrashuv, tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xususan, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekiston Milliy gvardiyasi vakillari AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi Harbiy attashesi, podpolkovnik B.Bukxols bilan AQSH elchixonasi Harbiy hamkorlik bo‘limi boshlig‘i mayor Joel Springsted bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdilar.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida strategik sheriklikni turli sohalarda, jumladan xavfsizlik, jamoat tartibini saqlash va harbiy hamkorlik masalalarida rivojlantirish muhokama qilindi.
Suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va AQSH Qurolli Kuchlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash istiqbollari to‘g‘risida fikr almashdilar.
O‘z navbatida, Amerika delegatsiyasi vakillari o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikdagi amaliy tadbirlar yuqori darajada tashkil etilayotganini taʼkidladilar.
Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar muzokaralardan mamnun ekanligini bildirib, hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.