Xitoyda bo‘lib o‘tgan “O‘tkir tig‘–2025” xalqaro snayperlar musobaqasida ishtirok etgan 25 ta davlat ichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston Milliy gvardiyasi merganlari sharafiga mamlakatimiz bayrog‘i yuqori ko‘tarilib madhiyamiz baralla yangradi
Xitoyda bo‘lib o‘tgan “O‘tkir tig‘–2025” xalqaro snayperlar musobaqasida ishtirok etgan 25 ta davlat ichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston Milliy gvardiyasi merganlari sharafiga mamlakatimiz bayrog‘i yuqori ko‘tarilib madhiyamiz baralla yangradi
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 12-20 iyul kunlari Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘tkir tig‘–2025” xalqaro snayperlar musobaqasida 25 ta davlatning vakillaridan iborat 45 ta jamoa ishtirok etdi. Bellashuvlar 4 yo‘nalishda bo‘lib o‘tdi va har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘rinlar alohida belgilandi.
Mazkur musobaqada O'zbekiston Milliy gvardiyasi jamoasi Xitoy mezbonligidagi Vetnam, Janubiy Koreya, Belorussiya, Rossiya, Ispaniya, Liviya, Qirgiziston, Qozog‘iston, Indoneziya, Vengriya, Kuba kabi 25 davlat vakillarining, 45 ta jamoalari o‘rtasida, bellashuvlarning eng murakkabi, yuqori jangovar shaylik va mohirlikni talab qiluvchi 2 ta sharti bo‘yicha, xususan majmuaviy merganlar mashqi (1200 metr masofada joylashgan 7 ta o‘q otish pozisiyasida har xil masofada joylashgan 24 ta nishonni tezkorlik bilan yo‘q qilish) va shahar sharoitida baland binodan otish mashqi (merganlar juftligida 100-650 metrgacha bo‘lgan 6 ta nishonni tezkorlik bilan yo‘q qilish) shartlari bo‘yicha merganlarimiz rekord natijalar bilan birinchi o‘rinni egallagan holda mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Qolgan yo‘nalishlar (yakkalik hamda ekstremal merganlik mashqlari)da ham merganlarimiz sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, musobaqa yakuniga ko‘ra 8 ta medal,10 ta diplom va qimmatbaho sovg‘alar shuningdek, yuqorida taʼkidlaganimizdek eng murakkab yo‘nalishlarda g‘alaba qozongan jamoa sifatida tezkor texnik va taktik yo‘nalishi bo‘yicha Musobaqa kubogi sohibiga aylanishdi.
Mazkur xalqaro musobaqada g‘olib bo‘lgan safdoshlarimizni Milliy gvardiya qo‘mondonligi va barcha shaxsiy tarkibi nomidan samimiy muborakbod etamiz!