Milliy gvardiya hududiy bo‘linmalari tomonidan o‘tgan hafta mobaynida jamoat joylarida huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari jamoat joylarida, istirohat bog‘lari, maydonlar, bozorlar hamda respublika shaharlari va boshqa aholi punktlari ko‘chalarida huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida patrul xizmatini o‘tkazish mobaynida spirtli ichimliklar iste’mol qilish, tunda fuqarolarning tinchligi va normal dam olishini buzish, mayda bezorilik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarining qonuniy talablariga rioya qilmaslik kabi huquqbuzarliklarni aniqladilar.
Xususan, Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi “Yoshlar” istirohat bog‘ida 25 yoshli Ye.J. qonunni va ushbu bog‘da hordiq chiqarayotgan bolalarni nazarga ilmay, spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 187-moddasi (“Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish ”) bilan huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzildi.
Shuningdek, A. Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida spirtli ichimlik iste’mol qilgan Navoiy shahrida yashovchi 20 yoshli D.Sh. va Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Yu. B ga nisbatan Botanika bog‘ida “kuchli” ichimlik iste’mol qilgani uchun shu moddaga asosan bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Fuqarolarining tungi vaqtda dam olish huquqiga beparvo munosabatda bo‘lgan shaxslarga nisbatan choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, poytaxtimizning Olmazor tumanida 30 iyul kuni soat 23:40larda Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi 18 yoshli T.R. avtomashinasini Farobiy ko‘chasidagi turar-joy binosi yoniga to‘xtatib baland ovozda musiqa tinglagan. Mirzo Ulug‘bek tumanida soat 00.15 larda “Uyg‘onish” mahalla fuqarolar yig‘inida Samarqand viloyati Ishtixon tumanida yashovchi 23 yoshli G‘.S. ham fuqarolarning dam olish huquqiga beparvolik qilgan va avtomobilda musiqani baland ovozda tinglagan. Navoiy shahrida 19 yoshli H. M. o‘zining elektromobiliga e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan va buning uchun vaqt allamahal bo‘lganiga qaramay va turar-joylarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni mensimay, karnaylarni avtomobil radiosiga ulagan va musiqani baland ovozda yoqqan. Bu ovoz esa fuqarolarning dam olishiga halal bergan.
“Baland musiqani sevuvchilar”ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 192-moddasi (“Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish”)da nazarda tutilgan huquqbuzarlik yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzildi.
Xuddi shu moddaga ko‘ra, yarim tunda baland ovozda gapirgan, kulgisi bilan fuqarolarga dam olishga halal bergan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzildi.
Qarshi shahrida 29 iyuldan 30 iyulga o‘tar kechasi Milliy gvardiya harbiylari ichki ishlar organlari xodimlari bilan birgalikda bir vaqtning o‘zida bir nechta tartib buzarlarni aniqlashdi. Jumladan, 48 yoshli B.G. soat 3.24 da fuqarolarning shovqin-suronni to‘xtatish haqidagi iltimoslariga e’tibor bermay, J.D. bilan baland ovozda gaplashgan. Har ikkala holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 192-moddasi (“Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish”)da nazarda tutilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzildi. Shuningdek, A. Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida janjal qilgan Navoiy shahrida yashovchi 32 yoshli M.T.ga nisbatan ham bayonnoma tuzildi.