O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun tashkillashtirilgan bayramona tadbirda davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni bilan Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlarining ham bir guruhi mukofotlandi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev ishtirok etib, tizimdagi barcha shaxsiy tarkibni mustaqilligimizning 32 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi va davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan 14 nafar harbiy xizmatchi va xodimlarga “Mardlik”, “Do‘stlik” ordenlari hamda “Sodiq xizmatlari uchun” ,“Shuhrat” medallarini topshirdi.
Shuningdek, Eng ulug‘, eng aziz bayram Mustaqillik kuni munosabati bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘iga asosan xizmatda yuqori natijalarga erishgan 10 nafar harbiy xizmatchi va xodimlarga navbatdagi “polkovnik” harbiy hamda maxsus unvonlari, 3 nafariga muddatidan oldingi “podpolkovnik”, “kapitan”, “katta leytenant” maxsus unvonlari, 7 nafariga “A’lo xizmatlari uchun”, 20 nafariga “Milliy gvardiya fidoyi xodimi”, 10 nafariga “Ma’naviyat a’lochisi”, 65 nafariga “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari hamda 100 dan ortiq faxriy yorliq va esdalik qo‘l soatlari topshirildi.
Bundan tashqari namunali xizmat qilib kelayotgan 120 nafar muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalariga Milliy gvardiya qo‘mondonligi nomidan tashakkurnomalar yuborildi.
Mazkur bayram munosabati bilan tizimda faoliyat yuritib kelayotgan 472 nafar harbiy xizmatchi va xodimlar hamda faxriylar va ishchi-xizmatchilarning munosib taqdirlanganligi, ularning keyingi xizmat davomidagi shijoatini oshirishga xizmat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Fursatdan foydalanib barcha yurtdoshlarimizni mustaqilligimizning 32 yilligi bilan samimiy muborakbod etamiz. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!