"RADIKALIZM, EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHI KURASHDA YoSHLARNING ROLI" MAVZUIDAGI XALQARO ONLAYN KONFERENSIYA
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydonlarda ilgari surilgan tashabbuslarini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Yoshlar ishlari bo‘yicha agentligi tegishli tuzilmalar bilan birgalikda joriy yilning 18 fevralida "Nyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida "Radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda yoshlarning roli" mavzusida xalqaro videokonferensiya tashkil qildi.
Ushbu tadbirda xalqaro va milliy ekspertlar, SHHTga aʼzo davlatlar yoshlar tashkilotlari, AICHK, MDH, BMTning Taraqqiyot dasturi, EXHT, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiya davomida qator davlat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlarning rahbarlari va vakillari bilan birga kirish so‘zi bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining o‘rinbosari — Qo‘riqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik M.G‘aniyev so‘zga chiqdi.
U o‘zining ochilish nutqida konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekiston Milliy gvardiyasi tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni sog‘lom turmush tarzi va sportga jalb qilish, shuningdek vatanparvarlik, milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan radikal va diniy g‘oyalarni rad etish ruhida tarbiyalash sohasida amalga oshirilayotgan tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.
Tadbirda yoshlarni radikalizm, ekstremizm va terrorizmning oldini olish va ularga qarshi kurashishga jalb qilish sohasidagi milliy va xalqaro hamkorlik mexanizmlari doirasida O‘zbekiston Milliy gvardiyasining hamkorlik masalalari muhokama qilindi.