Milliy gvardiya faoliyatiga doir 2025 yil uchun belgilab olingan ustuvor vazifalar ijrosiga qaratilgan navbatdagi kengaytirilgan Hayʼat yig‘ilishi o‘tkazildi
Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev raisligida 2024/2025 o‘quv yilida jangovar shaylik, jangovar va maxsus tayyorgarlik hamda moddiy texnik taʼminot yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar, natijalar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustivor vazifalarga bag‘ishlangan navbatdagi Hayʼat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Video-selektor tarzida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda Hayʼat aʼzolari, Markaziy devon, hududiy boshqarmalar boshliqlari, brigada komandirlari va ularning o‘rinbosarlari, bo‘lim, xizmat boshliqlari, taʼlim muassasalari rahbarlari hamda sohaga oid mutasaddilar ishtirok etishdi.
Tadbirning kirish qismida Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan dunyo va mintaqamizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy va harbiy-siyosiy vaziyat to‘g‘risida fikr yuritilib, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida, joriy yil 21 fevral kuni Xavfsizlik kengashining davlat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ham qator masalalar muxokama qilingani va ustivor vazifalar belgilab berilgani yodga olindi.
Shuningdek, Davlatimiz rahbari tomonidan barcha kuch tuzilmalari qatori Milliy gvardiya shaxsiy tarkibining jangovar shayligi, maxsus va jangovar tayyorgarligini yuqori darajada ushlab turish uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilayotganiga alohida urg‘u berildi.
Shundan so‘ng, kun tartibiga kiritilgan masalalar, xususan jangovar shaylik va rejalashtirish, jangovar va maxsus tayyorgarlik sohalari, moddiy-texnik taʼminot yo‘nalishlari hamda shaxsiy tarkibning intizom va tibbiy xizmat sohasiga oid amalga oshirilgan ishlar tahliliy va tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Mazkur yo‘nalishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar keng muhokama qilinib, qo‘mondon o‘rinbosarlari hamda mutasaddi rahbarlarning axborotlari tinglandi. O‘z o‘rnida kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muddatlari belgilangan holda tegishliligi bo‘yicha masʼul rahbarlarga topshiriqlar berildi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni tadbir davomida, hududiy boshqarma boshliqlari, brigada komandirnlari va taʼlim muassasalari rahbarlarining ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan taklif va mulohazalarini tinglab, shaxsiy takib o‘rtasida metindek tartib intizomni o‘rnatish, harbiy xizmatchi va kursantlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish, xizmat jarayonlarini tanqidiy tahlil qilishni kundalik meʼyorga aylantirish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, joriy yilda tizim oldida turgan muhim ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar hamda Milliy gvardiya boshqaruv organi va bo‘linmalarning 2025/2026 o‘quv yiliga mo‘ljallangan asosiy tadbirlar rejasining amaliy ijrosi qatʼiy nazoratga olinishi bo‘yicha tegishliligi bo‘yicha topshiriqlar berdi.