Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha 2025-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Mazkur yigʻilishda Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik S.Mamayusupov, Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash «Nuroniy» jamgʻarmasi respublika boshqaruv raisi, Oʻzbekiston qahramoni S.Turdiyev, Oʻzbekiston «Veteran» jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi raisi T.Muradov va konferens aloqa tarzida hududlardan Milliy gvardiya Faxriylar kengashi aʼzolari hamda masʼul ofitserlar ishtirok etishdi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqanlar Prezidentimizning tashabbuslari bilan, bugun Yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, manfaatlarini taʼminlash, ayniqsa, Vatan himoyasida xizmat qilgan urush va mehnat faxriylari, harbiylar hamda ularning oila aʼzolariga munosib hayot sharoitlarini yaratish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylanganini taʼkidlashdi.
Shuningdek, Milliy gvardiya tizimida nuroniylar, faxriylar, nafaqadagi harbiylar hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlganlarning oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab–quvvatlash, mard, jasur jangchilarimiz xotiralarini abadiylashtirish, qolaversa, bular orqali Yosh avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni jadallashtirish lozimligi aytib oʻtildi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida Milliy gvardiya faxriylarini hamda halok boʻlgan harbiy xizmatchi va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 5 ta yoʻnalishda mingga yaqin tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, ishlash istagida boʻlganlarning bandligini taʼminlash, faxriylarga sogʻlomlashtirish maskanlari uchun, halok boʻlganlarning farzandlariga esa, bolalar oromgohlariga imtiyozli yoʻllanmalar topshirilmoqda, madaniy va tarixiy obidalarga sayohatlar tashkil etilmoqda, qolaversa, yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlashda qahramonlik koʻrsatib halok boʻlganlarning xotiralarini abadiylashtirish, yosh avlodni vatanparvar, fidoyi etib tarbiyalash borasida ham bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotganligi hisobot davomida keltirib oʻtildi.