BUXORODA «TO‘MARIS IZDOSHLARI» KO‘RIK TANLOVI BO‘LIB O‘TDI
Joriy yilning 19 fevral kuni Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Qo‘riqlash boshqarmasida xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchi va xodima ayollar o‘rtasida "8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni" bayrami arafasida «To‘maris izdoshlari» deb nomlangan ko‘rik tanlov bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ko‘rik tanlovni o‘tkazishdan maqsad, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xizmat qilayotgan xotin-qizlarni Vatanimiz, xalqimiz, milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-maʼnaviy merosimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ijodiy salohiyatini oshirish, maʼnaviy barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlarida ko‘maklashish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, faolligi va tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli, ijodkor yoshlarni rag‘batlantirish, ularning o‘z aql-zakovatini namoyon etishlariga ko‘maklashish va o‘zaro sog‘lom raqobatni shakllantirish, jamiyatda ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda xotin-qizlar manfaatlari bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy masalalarini tizimli yo‘lga qo‘yish va munosib rag‘batlantirishdan iboratdir.
Mazkur bellashuvda hakamlar hayʼati tomonidan harbiy xizmatchi va xodimalarning sohaga oid bilimlari, normativ hujjatlarni bilish darajasi hamda tezkorlik, zukkolik va chaqqonliklari munosib baholandi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamkorligida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda, institutning sanʼatga ixlosi baland talabalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar hamda sahna ko‘rinishlari tadbirning yuqori saviyada o‘tishiga xizmat qildi.
Ko‘rik tanlov yakunida g‘oliblar rahbariyat tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan munosib taqdirlandilar.