Gvardiyachilarning jangovar, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni va Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Qurolli kuchlarimizning jangovar salohiyatini, harbiy xizmatchilarning jismoniy va maʼnaviy shayligini oshirish borasidagi belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan Milliy gvardiya qoʻmondonligi tomonidan aniq chora-tadbirlar rejalashtirilib, hozirda mazkur yoʻnalishdagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, Milliy gvardiya tizimidagi batalon komandiri oʻrinbosarlari, xizmat boshliqlari, oilalar bilan ishlash boʻyicha katta ofitserlar, psixolog mutaxassislar, tibbiyot xodimlari hamda axborot xizmati xodimlari bilan oʻtkazilgan oʻquv-uslubiy yigʻini ham ushbu ishlarning mantiqiy davomidir.
Toʻrt kunlik oʻquv-uslubiy yigʻinining dastlabki kunida nazariy bilimlar, yaʼni harbiy nizomlar, jangovar koʻllashdagi yangi yondashuvlar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik va yoshlarga oid davlat siyosatini yuritishning yangi tizimi hamda kiberxavfsizlik va jangovar holatlarda axloqiy ruhiy taʼminotni taʼminlash, davolash profilaktik tadbirlari, psixologik xizmatning yutuq va kamchiliklari toʻgʻrisida mutaxassislar tomonidan maʼruzalar qilindi.
Shuningdek, gvardiyachilarning nazariy va amaliy bilimlarini uygʻunligini mustahkamlash maqsadida Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Angren” dala uquv maydonida amaliy mashgʻulotlar davom ettirildi. Unda 11 ta oʻquv nuqtasi tashkillashtirilib, yuqorida sanab oʻtilgan tarkibiy boʻlinmalar mutaxassisliklari boʻyicha jamoalarga boʻlgan holda, kunduzgi va tunda otish tayyorgarligi, taktik tibbiy tayyorgarlik hamda ularning jismoniy zoʻriqishlarga chidamliligini oshirishga qaratilgan maxsus psixologik yoʻlaklarda sinovlar qabul qilindi.
Mazkur oʻquv yigʻinida gvardiyachi yigitlar bilan bir safda xizmat qilib kelayotgan gvardiyachi qizlarning faol ishtirok etganligi, tizimda gender tinglik masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganligining yaqqol namunasidir.
Dala oʻquv maydonidagi sinovlar uzoq masofaga marsh yurish va yugurish bilan yakunlandi. Unda harakatlanayotganlar oldiga real holatga yaqinlashtirilgan bir nechta zaharlangan hududdan oʻtish va qurolli hujum kabi toʻsiqlar qoʻyildi. Ushbu nostandart vaziyatda tezkor qaror qabul qilgan gvardiyachilar toʻsiqlarni mardonavor yengib oʻtib, talofatsiz marraga yetib borishdi.
Oʻquv yigʻining keyingi kuni koʻrgazmali mashgʻulotlar bilan davom ettirildi. Jumladan Harbiy qismlar va Jamoat xavfsizligi universiteti bazalarida ommaviy tartibsizliklar va maxsus operatsiyalar mobaynida gvardiyachilarga axloqiy ruhiy taʼminotni tashkillashtirish, ruhiy bardoshlikni oshirishga qaratilgan majmuaviy toʻsiqlar yoʻlagi va jismoniy zoʻriqishlar ostida turli tabiiy va sunʼiy toʻsiqlardan oʻtish texnikasi hamda transheyalarda jangovar harakatlarni olib borish taktikasi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar qilindi. Shuningdek, yangi saf nizomi boʻyicha ham saf elementlari bajarib koʻrsatilib, shartli ravishda favqulodda holatlarda oilalarni xavfsiz hududga koʻchirib oʻtkazish boʻyicha vazifalar bajarildi.Tadbirning soʻngi kunida, gvardiyachilarning jismoniy tayyorgarligi ham sinovdan oʻtkazilib, baholandi.
Oʻquv-uslubiy yigʻini yakuni konferensiya bilan nihoyalandi. Anjuman davomida oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi va kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar belgilab olindi.