Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqa kuch tuzilmalari hamkorligida maxsus taktik-o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi
Mashg‘ulot avvalida shaxsiy tarkibning jangovar shayligi tekshirilib, otryad komandirlarining mashg‘ulot doirasidagi rejalari tinglandi. Shundan so‘ng, shaxsiy tarkib oldindan belgilangan harakatlar rejasi asosida berilgan signalga muvofiq harakat qilib, jangovar vazifani bajarishga kirishdi.
Mashgʻulot davomida, dunyoda yuz berayotgan turli xavf xatarlardan kelib chiqib Milliy gvardiya, viloyat Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar boshqarmasi, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari harbiy xizmatchilarning yuqori jangovar shayligi va ularning shahar sharoitidagi nostandart vaziyatlarda birgalikdagi aniq va ishonchli harakatlariga, shuningdek, boshqaruv tizimiga alohida eʼtibor qaratildi.
Maxsus taktik-o‘quv mashg‘uloti otryad tarkibining amaliy o‘q otish mashqlari bilan yakunlandi. Mashg‘ulot yakunida bo‘linmalarning tayyorgarlik darajasi tahlil qilingan holda, faol ishtirok etgan harbiy xizmatchi va xodimlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.