"OCHIQ ESHIKLAR KUNI" 200 DAN ZIYOD YoSHLARNI BIRLASHTIRDI
Ertamiz davomchilari bo‘lgan yosh avlod vakillarining har tomonlama maʼnan va jismonan chuqur aqliy bilimga ega bo‘lishlari uchun yurtimizdagi barcha taʼlim muassasalarida qulay imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, yoshlarimizning ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda kasb tanlashda adashmasdan, ustozlari bergan bilimlarni puxta o‘zlashtirishlari muhim ahamiyat kasb etadi. Ularni kasb tanlashga yo‘naltirishda esa, davlat organlarining o‘rni beqiyos.
Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda sog‘lom hamda barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yigit-qizlarimizni zamon talabiga javob beradigan yetuk malakali mutaxassislar qilib tayyorlash borasida keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, joriy yilning 16 fevral kuni Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Unda Buxoro shahridagi 200 dan ziyod maktab o‘quvchilari Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bilan uchrashib, ularning harbiy mashg‘ulotlari, hayot tarzi bilan yaqindan tanishdilar. Samimiy kechgan o‘zaro muloqotlar chog‘ida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
Darhaqiqat, harbiy qismlarda mana shunday ko‘rgazmali chiqishlar hamda harbiy texnika va qurol-yarog‘larning namoyish etilishi va ularda yoshlarning ishtirok etishi, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatan himoyasidek sharafli kasbga bo‘lgan qiziqishi ortishiga, shuningdek ona Vatanga muhabbat tuyg‘usi bilan ulg‘ayib, komil insonlar bo‘lib yetishishiga o‘z hissasini qo‘shishi, shubhasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi