Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining majlislar zalida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev rahbarligida idoralararo ishchi guruh shtabining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 31 yanvar kuni Davlat rahbarining topshirig‘iga binoan Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev boshchiligida hududlarda aholi muammolarini aniqlash va hal etish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash faoliyatini baholash yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi F.Ermanov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari B.Abdullayev, tegishli soha vakillari hamda sektor rahbarlari ishtirok etishdi.
Mazkur yig‘ilishda viloyat ijtimoiy infratuzilma obyektlarining real holatini, aholini gaz, elektr energiyasi, ko‘mir va ichimlik suvi bilan taʼminlash ahvoli va fuqarolarning ushbu tizimdan roziligini o‘rganish, isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligini, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir mahallalarda sektor rahbarlari, mahalla raislari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari tomonidan fuqarolarni qabul qilish va ularning muammolarini hal etish amaliyotiga oid masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, aholini tashvishga solayotgan dolzarb kundalik ijtimoiy-maishiy muammolarni hal etishda sektorlar faoliyatining samaradorligi, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlik, yoshlar va ayollarning tashabbuskor loyihalariga ko‘maklashish;
- Oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun yotoqxonalar taʼminoti, ijarada yashovchi talabalarni qo‘llab – quvvatlash hamda nazoratga olish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda bandligini taʼminlash;
- Doimiy yashash joyi bo‘lmagan fuqarolarni reabilitatsiya qilish markazlariga joylashtirish, narkologiya dispanserlari, tibbiy birlashmalardagi sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish;
- isteʼmol bozorlardagi narxlarning barqarorligini taʼminlash. Oziq-ovqat rezervlarining yetarligini hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarning yaratilganligini o‘rganish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi tushuntirildi.
Yig‘ilishda soha mutasaddilarining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr va mulohazalari tinglandi.
Belgilangan vazifalarning ijrosi bo‘yicha ishchi guruh aʼzolari o‘z faoliyatini boshladi.