Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida Milliy gvardiya bo‘linmalarining yuqori jangovar shayligi ta’minlanmoqda
Milliy gvardiya shaxsiy tarkibining jangovar salohiyati, gvardiyachilarning jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini mustahkamlash hamda zamon talablariga mos takomillashtirishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda.
Xususan, Toshkent garnizonida joylashgan batalonlarning birida Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor R.Djurayev rahbarligida oʻquv-taktik mashgʻuloti oʻtkazildi. Unda gvardiyachilarning nazariy va amaliy bilimlar uygʻunligini taʼminlash va mustahkamlashga alohida eʼtibor berilib, Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyati ham ishtirok etishdi. Mashgʻulot mobaynida, maxsus boʻlinmalarning oʻziga xos vazifalaridan kelib chiqqan holda gvardiyachilarning shahar sharoitidagi nostandart vaziyatlarda ishonchli harakatlari hamda komandirlarning aniq va toʻgʻri qaror qabul qilishlari, shuningdek boshqaruv tizimining zamonaviy usullari koʻzdan kechirildi.
Amaliy mashgʻulotlar haqiqiy holatga yaqinlashtirilgan tarzda olib borilib, gvardiyachilar oʻziga biriktirilgan jangovar qurollar va maxsus vositalari, shuningdek xizmat itlaridan toʻgʻri foydalangan holda shahar sharoitida antiterror harakatlari va garovga olinganlarni ozod qilishda yuqori darajadagi tayyorgarliklarini namoyon qilishdi. Mashgʻulot mobaynida jarohat olish holatlari ham koʻzda tutilib, unda har bir gvardiyachi oʻziga va safdoshiga birinchi tibbiy yordam koʻrsata olishi kabi muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir soʻngida Qoʻmondon tomonidan har qanday xavf-xatarlarni oldini olish va bartaraf etish borasida shaxsiy tarkibning yuqori jangovar va jismoniy tayyorgarligini taʼminlash, xususan gvardiyachilarning "Pekiti Tirsia Kali" jang sanʼatini puxta oʻzlashtirishlari, dron va ularga qarshi vositalarni qoʻllash usullari hamda mazkur yoʻnalishdagi amalga oshirilayotgan ishlarni jahon tajribalaridan kelib chiqqan holda doimiy ravishda takomillashtirib borilishiga oid vazifalar belgilanib, tegishliligi boʻyicha topshiriqlar berildi va oʻz oʻrnida batalon shaxsiy tarkibining tayyorgarligi yuqori baholandi.
Shuningdek, shaxsiy tarkibga minnatdorchilik eʼlon qilinib, bir guruh gvardiyachilar mukofotlandi.