Bugun poytaxtimiz va respublikamizning barcha viloyatlarida Milliy gvardiya saflarida bir yil davomida namuna koʻrsatib, yuksak masʼuliyat, matonat va fidoyilik bilan muddatli harbiy xizmatni oʻtagan bir qator askarlarga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalarni tantanali topshirish marosimlari boʻlib oʻtdi.
Oʻtgan bir yillik xizmat davomida muddatli harbiy xizmatchilar nafaqat jismoniy, maʼnaviy-maʼrifiy va jangovar tayyorgarligini oshirdi balki irodasini mustahkamlab, intizom, masʼuliyat, jasorat, sabr-toqat kabi eng yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etib haqiqiy Vatan himoyachisi sifatida shakllandilar.
Shuningdek, Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalanib, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirmoqchi boʻlgan 1 300 nafardan ortiq askarlar imtiyozli tavsiyanomalarni qoʻlga kiritishdi. Bundan tashqari kelgusida tadbirkorlik va boshqa ish bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan 1 600 nafardan ortiq askarlar 14 turdagi kasb-hunar kurslarida oʻqitilib, sertifikatlarga ega boʻlishdi.
Bugun ana shunday yigitlik burchini ado etib, oʻz yashash hududlariga qaytish ostonasida turgan askarlarga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar tadbirda ishtirok etgan Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik S.Mamayusupov va Toshkent harbiy prokurori adliya polkovnigi O.Oʻsarov hamda faxriylar tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda safda turgan yigitlar misolida harbiy xizmatda qolish istagini bildirib, kasbiy-saralash tanlovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan askarlar, oʻzining intizomi, bilim va salohiyatini namoyon etib Milliy gvardiya saflariga qabul qilinayotganligi aytib oʻtildi.
Albatta xizmatni yakunlayotgan ushbu muddatli harbiy xizmatchilar kelgusida qayerda faoliyat yuritmasin, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshadigan, yoshlarga oʻrnak boʻladigan, jamiyatda faol va fidoyi insonlar boʻlib qolishadi desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.