Farg'ona viloyati “Yangi O‘zbekiston” massivida 20 nafar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga yangi uy kalitlari topshirildi.
Tantanali tadbirda Milliy gvardiya Farg'ona viloyati bo'yicha boshqarmasi rahbariyati, viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
So'zga chiqqanlar, mamlakatimizda milliy armiya qudratini oshirish bilan birga, harbiylarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ularni uy-joy bilan ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi. Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan posbonlar uchun yaratilayotgan bunday sharoitlar ularga yanada kuch-g‘ayrat va xotirjamlik bag‘ishlashi qayd etildi.
“Yangi O‘zbekiston” massividagi shinam va zamonaviy ko‘p qavatli uylarning imtiyozli ipoteka krediti asosida berilayotgani harbiylarga ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlikning amaliy namunasidir. Bu maskanlar o‘z kasbiga sadoqatli, mard o‘g‘lonlar va ularning oilalari uchun farovon hayot qo‘rg‘oni bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilarga yangi xonadonlar kalitlari tantanali ravishda topshirildi. O‘z navbatida, uy sohiblari yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdilar.
Marosim yakunida mehmonlar yangi xonadonlardagi qulayliklarni ko‘zdan kechirib, harbiylarning oila a’zolari bilan dildan suhbatlashdilar.