Fargʻona viloyatida yirik hajmdagi noqonuniy tibbiyot buyumlari muomalasiga chek qoʻyildi, Toshkentda shubhali shaxs yonidan “qora” rangli modda aniqlandi
Farg‘ona viloyati hamda Toshkent shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunbuzarliklarning oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Farg‘ona viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan sifati kafolatlanmagan tibbiyot buyumlarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlari hamkorligida amalga oshirildi.
Tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida fuqaro B.X. ga tegishli bo‘lgan xonadon ko‘zdan kechirildi. Natijada ushbu manzilda noqonuniy ravishda saqlanayotgan tibbiyot buyumlari aniqlangan.
Xususan, 52 827 dona sifati kafolatlanmagan tibbiyot buyumlari, 33 turdagi turli xil tibbiy vositalar aniqlanib,
ularning umumiy qiymati taxminan 260 189 000 so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan tibbiyot buyumlari daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Shuningdek, 2-may kuni soat 11:20 larda Uchtepa tumani hududida joylashgan O‘rikzor bozorida shubha uyg‘otgan shaxs Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirildi.
Tekshiruv davomida mazkur shaxsning chap cho‘ntagidan 0,84 gramm miqdorda o‘tkir hidli, “qora” rangli modda borligi aniqlandi.
Shaxsi aniqlanganda, u 50 yoshli, muqaddam sudlangan fuqaro S.S. ekani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur fuqaro belgilangan tartibda Uchtepa tumani IIO FMB xodimlariga topshirildi.
Hozirda har ikkala holat yuzasidan belgilangan tartibda surishtiruv va tekshiruv ishlari olib borilmoqda.