Mustaqillik bayrami arafasida xavfsizlik va jamoat tartibini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi
Ichki ishlar vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli profilaktik tadbirining samaradorligini yanada oshirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Favqulodda vaziyatlar vaziri, Milliy gvardiya qoʻmondoni, shuningdek, mazkur tuzilmalarning hududiy boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdilar. Muhokamalarda bayram tadbirlari davomida aholi xavfsizligini ishonchli taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, xizmat kuchlari va vositalarini maqbul taqsimlash hamda idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar atroflicha koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda soʻz olgan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov mamlakat boʻylab oʻtkaziladigan ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini saqlashni eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgiladi. Shu munosabat bilan sohaviy xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish, profilaktik ishlarni kuchaytirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada samarali tashkil etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbirining oʻtgan 29 kunlik natijalari tanqidiy-tahliliy ruhda koʻrib chiqildi. Amalga oshirilgan ishlar samaradorligi baholanib, mavjud kamchiliklarning sabablari tahlil etildi. Yuqori natijaga erishgan rahbarlarni munosib ragʻbatlantirish, xizmat vazifasiga masʼuliyatsiz yondashgan mutasaddilarga nisbatan intizomiy choralar koʻrish hamda profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilish davomida Davlat rahbarining topshirigʻiga muvofiq, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbirining ikkinchi bosqichi joriy yilning 15-avgust kuniga qadar davom ettirilishi alohida taʼkidlandi. Bu davrda aholi osoyishtaligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktik tadbirlar qamrovini yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilishi qayd etildi.
Milliy gvardiya qoʻmondoni general-polkovnik Baxodir Tashmatov oʻz maʼruzasida bayram tadbirlari oʻtkaziladigan maydonlar, istirohat bogʻlari, xiyobonlar hamda aholi gavjum hududlarda xizmatni kuchaytirilgan tartibda tashkil etish, jamoat tartibini ishonchli taʼminlash va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan belgilangan vazifalarga toʻxtaldi.
Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov esa bayram tadbirlari oʻtkaziladigan obyektlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, yirik bozorlar va savdo majmualarida amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.
Videoselektor yigʻilishida ayrim hududlarda aniqlangan kamchiliklar ham muhokama qilindi. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sirdaryo va Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmalari hamda Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbarlarining hisobotlari tinglanib, kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish va belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha aniq talablar qoʻyildi.
Yigʻilish yakunida barcha darajadagi rahbarlarga Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirlarda jamoat xavfsizligini yuqori saviyada taʼminlash, ijro intizomiga soʻzsiz rioya qilish, idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbiri doirasida belgilangan vazifalarning toʻliq va sifatli ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.