Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga rasmiy izoh
Ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiya tasarrufidagi «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyida oʻquvchilarga mobil telefonlardan foydalanish ustavga muvofiq cheklangani haqida anonim muallifning eʼtirozi muhokama qilinmoqda.
Maʼlum qilish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi qaroriga muvofiq, mazkur litseyning asosiy vazifasi Qurolli Kuchlar va davlat xizmati uchun munosib kadrlar zaxirasini tayyorlashdan iborat. Shu bois oʻquv-tarbiya jarayonida intizomga alohida eʼtibor qaratilgan.
Nizomga koʻra, belgilangan kun tartibi va oʻquv mashgʻulotlari davomida mobil telefonlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Biroq o'quvchilarning boʻsh vaqtlarida o'rnatilgan tartibda litseyda mavjud telefonlardan foydalanishlari uchun ruxsat beriladi.
Shuningdek, «Temurbeklar maktabi»ga oʻqishga kirish qatʼiy tanlov asosida amalga oshiriladi va oʻquvchilar hamda ularning ota-onalari oʻqish jarayonida yuqori talablar qoʻyilishini oldindan anglab, bunga ongli ravishda rozi boʻladilar.