“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida "Jasorat maktablari" oʻquvchilarining tantanali ravishda “vaʼda” berish marosimi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabr kunidagi “Oʻquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-393-son qaroriga asosan respublikadagi har bir tuman (shahar)da bitta umumiy oʻrta taʼlim maktabi negizida tashkil etilgan bolalarni kichik yoshidan Vatanga cheksiz sadoqat ruhida, jismonan sogʻlom va maʼnaviy yetuk insonlar qilib tarbiyalashga yoʻnaltirilgan «Jasorat maktablari»ga 2025-2026 oʻquv yili uchun tanlov asosida qabul qilingan oʻquvchilar poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi saf maydonida tantanali ravishda “Vaʼda” berish marosimi oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya qoʻmondonligi, Toshkent shahar hokimligi, vazirlik va idoralarning vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, faxriy mehmonlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Oʻquvchilar keng jamoatchilik oldida baralla yaxshi oʻqishga, Vatanimizga, Xalqimizga va Prezidentimizga sadoqatli, mard farzand boʻlishga baralla “Vaʼda” berishdi.
Tantanali marosimda alohida harbiy namunali-koʻrgazmali orkestr, Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik-litseyining “Zarbli cholgʻulari ansambli”, “Temurbeklari maktabi”, oʻquvchilardan iborat qoʻl jangi guruhi, “Kinologiya xizmati” hamda Milliy gvardiya Faxriy qorovul boʻlinmasining koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Shundan soʻng “Jasorat sinflari” oʻquvchilari bilan masʼul rahbar va ofitserlar, faxriylar birgalikda fotosuratga tushishib, “Millat fidoyilari” yodgorlik monumentiga gul qoʻyish marosimi tashkil etildi.
Albatta bu yerda oʻtkazilgan tadbir oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida ushbu Millat fidoyilarining qahramonliklari bilan bir umrga saqlanib qoladi hamda ularni vatanparvarlik ruhida ulgʻayishiga turtki boʻladi desak mubolagʻa boʻlmaydi.