Bolgariyaning Sofiya shahrida nufuzli Strandja turniri boʻlib oʻtdi va unda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Navbahor Hamidova oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Mazkur musobaqada ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi erkaklar va ayollar oʻrtasida umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egallab, yana bir bor eng kuchli jamoa ekanini namoyon etdi. Erkaklar 3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medal bilan, ayollar esa 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza bilan peshqadam boʻlishdi. Umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrin Qozogʻistonga, uchinchi oʻrin Ukraina jamoasiga nasib etdi.
Ayniqsa, -65 kg vaznda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Navbahor Hamidova munosib ishtirok etdi. U finalda qozogʻistonlik raqibasi Laura Yesenkeldi ustidan 5:0 hisobida ishonchli gʻalaba qozonib, chempionlikni qoʻlga kiritdi.
Milliy gvardiya qoʻmondonligi va shaxsiy tarkibi nomidan Navbahor Hamidovani ushbu yuksak yutuq bilan samimiy muborakbod etib, kelgusi musobaqalarda ham ulkan zafarlar tilaymiz.