Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazida davlatimiz rahbarining davlatimiz rahbarining “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi koʻrib chiqildi.
Tadbirda tizimdagi Chavandozlar maktablari mutasaddi rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Yig‘ilishda ot sporti turlarini aholiga keng targ‘ib etish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash, shuningdek milliy terma jamoamizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon chempionatlari va boshqa yirik musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, hududlarda ot sportini rivojlantirish, maktablarga jalb etilgan o‘quvchi va talaba-yoshlarning erishayotgan natijalari, ularning tegishli sport darajalarini olish imkoniyatlari, yilqichilikda nasllik ishlarini takomillashtirish va milliy merosimiz bo‘lgan Qorabayir zotli otlarni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Kelgusi yilga ustuvor vazifa sifatida mashg‘ulotlar sifatini oshirish, o‘quvchi-sportchilarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni berish, murabbiylar malakasini oshirish va innovatsion usullarni joriy etish belgilab olindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Milliy gvardiya tizimidagi muzey va sport maskanlari faoliyati bilan tanishib, ushbu maskanlarning tarixiy ahamiyati hamda yangi avlod chavandozlarini tarbiyalashdagi o‘rni haqida ma’lumot oldilar.
Shuningdek, poytaxtda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining yil yakunlariga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Unda ot sportining toʻsiqlardan sakrash, uchkurash, ot yoʻrttirish, chovgan, ot ustida kamondan oʻq otish kabi turlari boʻyicha yuksak natijalarga erishgan sportchilar, murabbiylar, jamoalar eʼtirof etildi.
Marosimda “Yilning eng yaxshi sportchisi”, “Yilning eng yaxshi jamoasi”, “Yilning eng yaxshi murabbiyi”, “Yilning eng yaxshi a’lo sportchisi”, “Yilning eng yaxshi erkak sportchisi” va “Yilning eng yaxshi viloyati” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar e’tirof etildi. “Yilning eng yaxshi chavandozlar maktabi” mukofoti esa Samarqand viloyati Chavandozlar maktabiga nasib etdi.
Shuningdek, tadbirda “Ot sportining faxriy sportchilari” va “Yilning istiqbolli yoshlari” ko‘krak nishonlari ham o‘z egalariga topshirildi.