Xalqaro harbiy hamkorlikning yangi bosqichdagi istiqbollari
2026-yil 25-iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy qo‘mondonligi Quruqlik qo‘shinlari (ARCENT) qo‘mondoni o‘rinbosari general-mayor Maykl Dj. Lini boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekiston Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S. Mamayusupov hamda tegishli tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari ishtirok etdilar. Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy qo‘mondonligi o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning bugungi holati va uning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Xususan, 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik rejasi hamda hamkorlik memorandumi loyihalari yuzasidan fikr almashilib, ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, xalqaro harbiy ta’lim va tayyorgarlik dasturi (IMET) doirasida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining ishtirokini kengaytirish, ularning kasbiy salohiyati va malakasini oshirishga qaratilgan ta’lim loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.