Toshkent shahrining Yunusobod Universal sport majmuasida "14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan harbiy xizmatchi va xodimlar xotirasiga bagʻishlangan qoʻl jangi boʻyicha Qurolli Kuchlar chempionati boʻlib oʻtdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 iyundagi “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-287-son qarori asosida har yili o‘tkazib kelinayotgan mazkur chempionatga bu yil Ichki ishlar vazirligi mezbonlik qildi.
Shu munosabat bilan, chempionatning final janglarini ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri general-leytenant A.Tashpulatov hamda Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qoʻl jangi federatsiyasi raisi – Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor R.Djurayevlar soʻzga chiqib, barcha ishtirokchilarga va sportchilarga omad yor boʻlishini tilagan holda samimiy tilaklarini bildirishdi.
Oʻzbekiston madhiyasi bilan koʻtarinki ruhda boshlangan chempionatning badiiy qismida vatanni madh etuvchi hamda xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan harbiy xizmatchi va xodimlar xotirasiga bagʻishlangan kuy va qoʻshiqlar, shuningdek koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Chempionatning final bahslarida Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizligi xizmati, Bojxona qoʻmitasi, Mudofaa hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi jamoalari oʻrtasida murosasiz va qizgʻin bellashuvlar ostida boʻlib oʻtgan har bir jang hakamlar tomonidan adolatli baholanib borildi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki bu yil Favqulodda vaziyatlar vazirligi jamoasi sportchilari yuqori darajadagi jismoniy tayyorgarligini namoyon etishdi, xususan ushbu jamoaning aʼzosi boʻlgan Marjona Fayzullayevaning oltin medalni qoʻlga kiritib tarixiy gʻalabaga erishganligi fikrimizning yoqqol dalilidir.
Aslida mazkur musobaqada qizlar oʻrtasidagi janglar muxlis va mutaxassislarning eʼtirofiga sazovor boʻlganligini alohida qayd etib oʻtish lozim. Jumladan, gvardiyachi qizlar Nilufar Polvonova hamda Gulnura Seidjonovalarning ham yuqori mahoratlari ularning oltin medallarni qoʻlga kiritishiga sabab boʻldi. Shu kabi turli vazn toifalarida bellashgan qizlar qoʻl jangining oʻziga xos jihatlarini yaqqol ifoda etishdi.
Chempionatning yakuniy natijalariga koʻra, umumiy hisobda 3-oʻrinni (1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan) Prezident Davlat xavfsizlik xizmati va (1 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan) Mudofaa vazirligi jamoalari, 2-oʻrinni (3 ta oltin va 2 ta kumush medali bilan) Davlat xavfsizlik xizmati jamoasi egallagan boʻlsa, faxrli birinchi oʻrinni (4 ta oltin va 4 ta kumush medali bilan) Ichki ishlar vazirligi jamoasi qoʻlga kiritdi.
Tantanali taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. Mahmudov va uning oʻrinbosari B. Toshmatov, Ichki Ishlar vaziri A. Tashpulatov, Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari Qoʻl jangi federatsiyasi raisi – Milliy gvardiya qoʻmondoni R. Djurayev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yoʻldoshev, Davlat xavfsizligi xizmati raisi B. Qurbonov, Mudofaa vaziri SH. Xalmuxamedov, Favqulodda vaziyatlar vaziri B. Kudratxodjayev, Bojxona qoʻmitasi raisi A. Mavlonov, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari A. Moʻminov, Sport vaziri oʻrinbosari SH.Mahmudovlar ishtirok etib, gʻoliblarga kubok, medal, diplom va qimmatbaho sovgʻalarni topshirishdi.
Shu tariqa Ichki ishlar vazirligi musobaqa bayrogʻini Bojxona qoʻmitasiga topshirdi.
Chempionatda faol ishtirok etgan Kuch tuzilmalari sportchilari va ularning murabbiylarini Qoʻl jangi federatsiyasi rahbariyati nomidan samimiy muborakbod etamiz!