Vatan himoyachisi qalbidagi barqarorlik — oila va yurt tinchligi poydevori
Bugungi kunda mamlakatimizda Vatan himoyachisidek muqaddas va sharafli kasb egasi boʻlishga bel bogʻlagan oʻgʻil-qizlarning jismoniy va maʼnaviy-ruhiy barqarorligini taʼminlash, ularning samarali xizmat qilishlari uchun, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.
Xususan, Milliy gvardiya tizimida qoʻmondonlik tomonidan shaxsiy tarkibning jangovar va jismoniy tayyorgarligini oshirish, psixologik holatini mustahkamlash va xizmat jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli stress holatlariga bardoshliligini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilib, zarur va tizimli chora-tadbirlar belgilab olingan.
Mazkur yoʻnalishda tizimida koʻplab amaliy ishlar, psixologik seminar va treninglar, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Buxoro shahrida Milliy gvardiya tizimidagi psixolog mutaxassislar, shuningdek harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari bilan ishlash guruhi ofitserlari bilan tashkillashtirilib, "Vatan va oila himoyasi uchun ham – kuchli va sogʻlom boʻlish zarur" hamda “Shaxslarda ruhiy barqarorlik muammolari va uning profilaktikasi” mavzusida ikki kunlik oʻquv yigʻini boʻlib oʻtdi.
Yigʻin davomida gvardiyachilar va ularning yaqinlariga psixologik yordam koʻrsatishning zamonaviy usullari, stressni boshqarish, ijtimoiy-psixologik muammolarni erta aniqlash va bartaraf etish yoʻllari boʻyicha amaliy mashgʻulotlar olib borildi. Tadbirning asosiy maqsadi — ishtirokchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ruhiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan psixologik yondashuvlarni mustahkamlashdan iborat boʻldi.
Mazkur tadbirda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, “Shuhrat” ordeni sohibi, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati, falsafa fanlari doktori, professor J. Shermuhammedova ishtirok etdi.
Seminar davomida jamoadagi muloqot madaniyati, oʻzaro ishonch va hamkorlikning inson hayotidagi oʻrni haqida tahliliy tavsiyalar berildi. Professor Shermuhammedova murakkab vaziyatlarda toʻgʻri muloqot qilish, nizolarni bartaraf etish, ruhiy muvozanatni saqlash va ijobiy ish muhitini shakllantirish boʻyicha ishtirokchilarga foydali tavsiyalar berdi.
Trening doirasida zamonaviy psixologik yondashuvlar, stressni boshqarish texnikalari, motivatsion metodlar va shaxsiy salohiyatni roʻyobga chiqarish mavzularida interaktiv mashgʻulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilar bilan ochiq muloqotlar olib borilib, ularning kasbiy va shaxsiy hayotidagi muhim masalalar yuzasidan individual tavsiyalar berildi.