“Vatan mehri yuragimda” shiori ostida o‘tkazilgan “To‘maris izdoshlari-2025” ko‘rik-tanlovida gvardiyachi qizlar munosib ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “To‘maris izdoshlari” ko‘rik-tanlovi bu yil ham yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tanlov mamlakatimizdagi kuch tuzilmalari safida xizmat qilayotgan mard, jasur va sadoqatli harbiy xotin-qizlarning ma’naviy-axloqiy salohiyati, bilim va mahoratlarini namoyon etishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Jami 6 ta jamoa — Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Bojxona qo‘mitasi jamoalari 7 ta shart bo‘yicha bahslashishdi. Tanlov shartlari tanishtiruv, test sinovi, harbiy va jismoniy tayyorgarlik, otish tayyorgarligi, taom tayyorlash va erkin mavzuda chiqishlardan iborat bo‘ldi.
Ishtirokchilar har bir shartda o‘zlarining kuchli irodasi, bilim va tajribasi, zukkoligi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etishdi. Ayniqsa, erkin mavzudagi chiqishlarda To‘maris obrazining zamonaviy talqini sahnada go‘zal va ta’sirli tarzda gavdalantirilib, tomoshabinlar va hakamlar hayratini qozondi.
Bellashuvlarda nafaqat jismoniy chidamlilik, balki mas’uliyat, intizom, tezfahmlik va tashabbuskorlik sinovdan o‘tkazildi. Har bir jamoa g‘alaba uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etdi.
To‘rt kun davom etgan qizg‘in bellashuvlar natijasiga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati 1-o‘rin, Milliy gvardiya jamoasi 2-o‘rin, Ichki ishlar vazirligi jamoasi va Mudofaa vazirligi jamoasi 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Milliy gvardiya safidagi xotin-qizlar o‘zlariga xos intizom, qat’iyat va chuqur tayyorgarlik bilan ishtirok etib, yuqori natija qayd etdilar. Bu esa ularning sohadagi munosib o‘rni va rolini yana bir bor namoyon etdi.
Sharafli kasbida soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tanlov g‘oliblari diplom, pul mukofoti va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbirning badiiy qismida Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi ishtirokchilar va mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Unda Vatan himoyasi, harbiy ayollarning qahramonligi va tinchlikni asrashdek ulkan burch mavzulari jonli ijroda aks ettirildi.
“To‘maris izdoshlari” tanlovi — bu shunchaki bellashuv emas. U mamlakatimizda xizmat qilayotgan harbiy xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiluvchi muhim maydon hisoblanadi. Bu kabi tadbirlar orqali ularning Vatanga bo‘lgan sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi yuksak darajada e’tirof etiladi.