Yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash yo‘lida jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlikni mustahkamlash sohasidagi ishlar Milliy gvardiya va hamkor vazirliklar bilan birgalikda yangicha yondashuvlar asosida shaxsiy tarkibning zamonaviy bilim va ko‘nikmalari, jangovar salohiyati, jismoniy hamda maʼnaviy tayyorgarligini tubdan takomillashtirishga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining Qarorlari va sohaga oid belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosiga qaratilgan o‘rganish ishlari Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik B.Tashmatov tomonidan davom ettirilmoqda.
Shu kabi manzilli ishlar joriy yilning 4 fevral kuni Buxoro viloyatida olib borilib, unda Milliy gvardiya qo‘mondoni, viloyat hokimi B.Zaripov bilan birgalikda huquqni muhofaza qilish organlari hamda sohaga oid tashkilot rahbarlari, shuningdek, mahalla faollari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida viloyatda jinoyatchilikni oldini olish borasidagi hamkorlikdagi amalga oshirilayotgan va kelgusidagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni Buxoro shahridagi qizil va sariq toifadagi mahallarda jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.
Xususan, xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan ishlar doirasida barcha hududlarni raqamlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, viloyat bo‘ylab park va xiyobonlar hamda bozorlarda o‘rnatilgan kuzatuv kameralarini viloyat IIB binosidagi situatsion markazga ulanganligi hamda hamkorlikda tashkillashtirilgan 24/7 xizmat faoliyati bo‘yicha, shuningdek, kelgusida patrullik xizmatiga yangicha yondashuv sifatida dronlar orqali nazorat kuchaytirilishi bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning axborotlari tinglandi. Yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi kurashish va kiberxavfsizlik masalalari dolzarbligi taʼkidlanib, jahon tajribalari tahlil qilindi mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni milliy anʼanalarimizga moslashtirgan holda kechiktirmasdan joriy qilish masalalari yuzasidan tegishliligi bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, navbatdagi o‘rganish ishlari Milliy gvardiya boshqarmasida davom ettirildi. Unda ko‘p yillik sport ustalarini jalb qilgan holda to‘garaklar tashkil qilish, yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tizimli ishlarni jadallashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Shu bidan bir qatorda, asosiy eʼtibor bo‘linmalarda shaxsiy tarkib bilan olib borilayotgan tungi jangovar mashg‘ulotlar jarayonlariga qaratildi.
Unda bo‘linmalarning o‘ziga xos vazifalaridan kelib chiqqan holda harbiy xizmatchilarning jangovar va maxsus tayyorgarligi, xususan xavfsizlikni taʼminlash borasidagi vazifalarni shahar sharoitidagi nostandart vaziyatlarda aniq va ishonchli bajarilish holati o‘rganilib, komandirlarga sunʼiy intellektga asoslangan boshqaruv tizimini zamonaviy usullarini o‘rganish borasida vazifalar belgilandi.
Tadbir davomida Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan dunyo va mintaqamizda yuz berayotgan ijtimoiy va harbiy siyosiy vaziyatlar tahlil qilingan holda qator misollar keltirilib, amaliy mashg‘ulotlarni haqiqiy holatga yaqinlashtirilgan sharoitlarda olib borilishini yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, har qanday xavf-xatarlarni oldini olish va bartaraf etish borasida shaxsiy tarkibning doimiy jangovar shayligini taʼminlash, o‘z o‘rnida mazkur yo‘nalishdagi amalga oshirilayotgan ishlarni jahon tajribalaridan kelib chiqqan holda takomillashtirib borilishiga oid aniq vazifalar belgilandi.