Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasining navbatdan tashqari Konferensiyasi boʻlib oʻtdi va unda Milliy gvardiya qoʻmondoni general-polkovnik B.Tashmatov federatsiya raisi etib saylandi
Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasining navbatdan tashqari Konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Milliy gvardiya qoʻmondoni general-polkovnik Baxodir Tashmatov, Sport vaziri oʻrinbosari Avazjon Karimov, sohaviy rahbarlar, murabbiylar va sportchilar ishtirok etdi.
Tadbirda federatsiya faoliyatini takomillashtirish, qoʻl jangi sport turini huquqni muhofaza qilish organlari tizimida yanada rivojlantirish hamda federatsiya rahbariyatini saylash masalalari koʻrib chiqildi. Delegatlar tomonidan Milliy gvardiya qoʻmondoni general-polkovnik Baxodir Tashmatov Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi raisi etib bir ovozdan saylandi.
Yangi saylangan federatsiya raisi oʻz nutqida soʻnggi yillarda sport sohasiga qaratilgan davlat eʼtibori natijasida sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotganini qayd etdi. Shuningdek, 2022-yil 20-iyunda qabul qilingan PQ-287-sonli qaror qoʻl jangi sport turini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Konferensiya davomida qoʻl jangi sport turini yanada rivojlantirish boʻyicha qator amaliy vazifalar belgilandi. Jumladan, seksiya va toʻgaraklar mavjud boʻlmagan tumanlarda kamida ikkitadan qoʻl jangi seksiyasini tashkil etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish, istiqbolli sportchilarni saralab olish hamda ularni kasbga yoʻnaltirish vazifalari belgilab olindi.
Shu bilan birga, yosh sportchilarni jinoiy guruhlar taʼsiridan asrash, ular bilan tizimli ishlash, sportchilik faoliyatini yakunlayotganlarni ish bilan taʼminlash, murabbiy va hakam sifatida qayta tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Iqtidorli qoʻl jangchi sportchilarni Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari saflariga jalb etish, shuningdek, musobaqalarni muntazam tashkil etish va gʻolib sportchilarni munosib ragʻbatlantirish boʻyicha vazifalar ham belgilandi.
Mazkur Konferensiya qoʻl jangi sport turini tizimli rivojlantirish, yoshlarni sogʻlom hayot tarziga yoʻnaltirish hamda federatsiya faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.