PISKENT TUMANIDA ULOQ-KO‘PKARI MUSOBAQALARI O‘TKAZILDI
Toshkent viloyatining Piskent tumanida viloyat hokimi sovrini uchun katta uloq-ko‘pkari musobaqasi o‘tkazildi. Shu bilan bir qatorda yoshlar o‘ndan ortiq sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.
Mazkur xalq sayli Toshkent viloyati hokimligi, Uloq-ko‘pkari Federatsiyasi, Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Piskent tumani hokimligi hamkorligida o‘tkazilib, unda mamlakatimizning barcha hududlari bilan birga, qo‘shni davlatlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlaridan jami ikki mingdan ziyod mohir chavandoz polvonlar ishtirok etdilar.
Uloq-ko‘pkari musobaqalarida dastlab 4 ta jamoa "Bo‘stonliq", " Chirchiq pedagogika instituti", "Qibray" va "Piskent" yosh chavandozlari o‘zaro g‘oliblik uchun maydonda ot choptirishdi. Bellashuvlar yakunida "Bo‘stonliq" jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning mutlaq g‘olibi deb sirdaryolik polvon Boburshoh Ahadov topildi va unga bosh sovrin - avtomobil kaliti topshirildi.