Damli va zarbli cholg‘u ijrochilarining “San’at g‘unchalari” XXVII respublika tanlovi boshlandi.
Milliy gvardiya, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamkorligida Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyida joriy yilning 23-25-mart kunlari damli va zarbli cholg‘u ijrochilarining “San’at g‘unchalari” XXVII respublika tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun mazkur tanlovning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S. Mamayusupov ishtirok etib, tanlovning yildan yilga nufuzi oshib, qiziquvchi yoshlar safi kengayotganini ta’kidlab, barcha ishtirokchi o‘quvchilarga omad tiladi.
Shuningdek, tadbirda musiqashunos olimlar, soha mutaxassislari, ustozlar ishtirok etishdi. Tadbir davomida litsey orkestr jamoasining chiqishlari havola etildi. Shundan so‘ng, sho‘balarga bo‘lingan holda musobaqalar boshlandi. Musobaqalar yog‘och-damli cholg‘ular, mis-damli cholg‘ular, zarbli cholg‘ular klassika, estrada cholg‘ular kabi 4 ta yo‘nalishda 5-9-sinflar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Tanlovning 2026-yilgi Respublika bosqichida 110 nafar iqtidorli o‘quvchi oʻzining musiqiy mahorati, texnik ijrosi va sahna madaniyatini namoyish etishmoqda.