Davlatimiz rahbarining Toshkent shahrida xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha belgilab bergan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik B.Tashmatov ilk manzilli ishlarini Yunusobod tumanida amalga oshirdi
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunali amaliyotni yaratishga doir dolzarb va aniq vazifalar belgilab berildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda mahallalarda tinch va osoyishta muhitni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mazkur vazifalarning amaliy ijrosi yuzasidan Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik B.Tashmatov ilk manzilli ishlarini Yunusobod tumanida olib bordi va unda tuman hokimi, huquqni muhofaza qilish organlari va hamkor tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.
Aynan mahallaga tushib, muammolarni joyida hal etish, aholi bilan ochiq muloqot qilish orqali aniq natijalarga erishish nuqtai nazardan, Milliy gvardiya qo‘mondonining Yunusobod tumanida, xususan, jinoyatchilik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan “Bog‘i shamol” mahallasida amalga oshirgan manzilli ishlari mazkur islohotlarning amaliy ifodasidir.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, jinoyatchilikning asosiy sabablari ko‘p hollarda mahalliy infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmagani, nazorat mexanizmlarining zaifligi va profilaktik ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liq. “Bog‘i shamol” mahallasida o‘tkazilgan o‘rganishlar ham ana shu holatni ochiqladi.
Mahallada aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilingani muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki jinoyatchilik raqamlarda emas, odamlar hayotida namoyon bo‘ladi. Aholining kundalik xavotirlari, xavfsizlikka oid muammolari, tungi yoritishning yetishmasligi, nosoz kuzatuv kameralari kabi masalalar aynan shu suhbatlar orqali aniqlandi.
Uchrashuvlar davomida profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Bu bejiz emas. Chunki jinoyatchilikka qarshi kurashishda jazo emas, balki profilaktika ustuvor bo‘lishi kerak. Inspektorlarning aholi bilan ishlash imkoniyatlari, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar, texnik ta’minot holati tahlil qilinib, tizimdagi kamchiliklar ochiq tan olindi.
Ayniqsa, mahallada o‘rnatilgan kuzatuv kameralarining aksariyati nosoz holatda ekani jiddiy muammo sifatida qayd etildi. Bu holat xavfsizlikni ta’minlashda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyatini keskin pasaytiradi. Demak, kuzatuv kameralari o‘rnatishning o‘zi yetarli emas — ularning uzluksiz ishlashi va yagona tizimga ulanishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Muhokamalar jarayonida mahallani qisqa muddat ichida raqamlashtirish masalasi alohida dolzarb vazifa sifatida ko‘tarildi. Raqamlashtirilgan mahalla — bu faqat kameralar emas, balki tahliliy ma’lumotlar, xavfli hududlar xaritasi, profilaktika ishlarining aniq rejasi demakdir.
Ko‘p qavatli uylar atrofini tungi vaqtda yoritish masalasi ham jinoyatchilikning oldini olishda muhim omil sifatida belgilandi.
Chunki yoritilmagan hudud — xavfli hudud. Bu borada mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ijro muddatlari belgilab qo‘yildi.
Mazkur ishlarga baho berar ekanmiz, eng muhim jihat — muammolarni hal etishda ilmiy yondashuvlarga tayanish zarurligi alohida ta’kidlanganidir. Jinoyatchilikka qarshi kurashish — bu faqat kuch bilan emas, balki tahlil, ma’lumot, raqam va profilaktikaga asoslangan kompleks tizim orqali samara beradi.
Yunusobod tumanidagi mazkur manzilli ishlar shuni ko‘rsatdiki, mahallada xavfsizlikni ta’minlash masalasi faqat bir idoraning emas, balki barcha mutasaddi rahbarlar, mahalla faollari va aholining hamkorligida hal etiladigan umumiy vazifadir.
“Bog‘i shamol” mahallasi misolida olib borilgan ishlar jinoyatchilikka qarshi kurashishda yangi, amaliy va tizimli yondashuv shakllanayotganidan dalolat beradi. Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi esa nafaqat bir mahallada, balki butun tuman miqyosida xavfsiz va barqaror muhitni yaratishga xizmat qiladi.
Manzilli ishlar davomida Yunusobod tumanida joylashgan “Oloy bozori” ham ko‘zdan kechirilib, unda aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi, shuningdek, savdogarlar bilan yaqindan suhbat olib borilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi.
Xususan, Milliy gvardiya qo‘mondoni Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi, jumladan, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish va aholi xavfsizligini ishonchli ta’minlash bo‘yicha berilayotgan topshiriqlar ijrosiga alohida e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanganidek, Yunusobod tumanida aholi zichligi va transport harakatining yuqoriligi xavfsizlikni ta’minlashda zamonaviy va tizimli yondashuvlarni talab etadi. Shu bois, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish hamda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.