Do‘konni o‘marmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi
Joriy yilning 2 iyul kuni soat taxminan 23:32 da Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani “Qo‘riqlash” bo‘limi Monitoring markaziga Yaypan shaharchasida joylashgan masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli do‘kondan “tashvish” xabari kelib tushadi.
Voqea joyiga zudlik bilan tezkor harakatlanuvchi guruh yetib borib, do‘konni ko‘zdan kechirish chog‘ida bino tomining teshilganligi hamda ichkarida nomaʼlum erkak borligi aniqlangan. Voqea yuzasidan O‘zbekiston tumani IIBga xabar berilgan va gumondor shaxs qo‘lga olingan.
Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruv davomida qo‘lga olingan shaxsga Furqat tumanida yashovchi 30 yoshli T.D. ekanligi maʼlum bo‘lgan. Hozirda ichki ishlar organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.