HAYOT TOMCHILARI
Saxovatli insonlar doimo ezgu ishlar qilishga intilib yashaydi. Darhaqiqat, sa’y-harakatlari kimningdir sog‘lig‘ini saqlashga, umrini uzaytirishga ko‘mak bo‘lsa, bu inson uchun eng oliy rag‘batdir. Donorlarni esa ana shunday beg‘araz yordam ko‘rsatuvchi ezgu niyatli kishilar desak, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi.
Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari va bu yerda malakaviy amaliyot o‘tayotgan Harbiy-texnik institut kursantlari ham ezgu ishga qo‘l urish maqsadida xayriya qon topshirish aksiyasida ishtirok etdilar.
Ushbu beg‘araz donorlik aksiyasida turli kasalliklar va baxtsiz hodisalar tufayli qonga muhtoj bo‘lgan bemorlarga hayot bag‘ishlovchi qon to‘plamlari yig‘ildi.
E’tirof etish joizki, donorlik har qanday inson qilishi mumkin bo‘lgan oddiy, biroq chinakam qahramonlik namunasidir.