Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va ularning oilalaridan iborat jamoalar oʻrtasida har yili oʻtkazilishi anʼanaga aylangan «Yangi Oʻzbekistonning ibratli harbiylar oilasi» koʻrik-tanlovining Respublika bosqichi ayni kunlarda Samarqand shahrida boʻlib oʻtmoqda
15-may - Xalqaro oila kuni arafasida «Mustahkam oila – jamiyat tayanchi» kabi konseptual gʻoya asosida oʻtkazilayotgan mazkur koʻrik-tanlovda harbiy qism va muassasalar shaxsiy tarkibi orasida hurmat qozongan, jamiyatda insonlar bilan yaxshi munosabat oʻrnatib, farzand tarbiyasi masalasida oʻrnak koʻrsatgan hamda har tomonlama ibratli harbiy oila boʻla olgan harbiy xizmatchilarning oilalari ishtirok etishmoqda.
Koʻrik-tanlovning respublika bosqichida kamida oʻn yillik oilaviy hayot tajribasiga ega boʻlgan, hududiy tanlov gʻoliblari boʻlgan 18 ta oila oʻz kuchini sinovdan oʻtkazdi.
Samimiy va doʻstona raqobat ruhida kechayotgan tanlovda harbiy oilalar oilani tanishtiruv, “Oila mustahkamligi – yurt tinchligi” nomli sahna koʻrinishi va «Milliy xalq oʻyinlari — milliy gʻurur» shiori ostida etnosport (otda mashq bajarish, arqon tortish, qarab tep, kamondan otish) kabi bir qator shartlar asosida bellashgan holda oʻzlarining ijodiy, jismoniy va madaniy salohiyatlarini namoyon etishmoqda.
Tanlovning birinchi kunida ishtirokchilar sahna koʻrinishlari orqali mehr-oqibat, hurmat, hamjihatlik, farzandlar tarbiyasiga eʼtibor kabi qadriyatlarni namoyon etishgan boʻlsa, bugun ular sportdagi qobiliyatlarini koʻrsatishmoqda.
Tanlov har galgidan-da qizgʻin taassurotlarga boy tarzda davom etmoqda.
Taʼkidlash joizki, bunday tanlovlarni oʻtkazishdan koʻzlanadigan asosiy maqsad Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolari ongida tariximiz, milliy anʼanalarimiz va urf-odatlarimizga chuqur hurmat va ehtiromni yuksaltirish, ijodiy tashabbuskorliklarini shakllantirib, ular orasida sogʻlom raqobat muhitini qaror toptirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, oila institutini yana-da mustahkamlash va amalga oshirilgan sohaga oid ishlarni yangi marralarga koʻtarishdir.
Yakuniy natijalarni 13-may kuni taqdirlash marosimida eʼlon qilish rejalashtirilgan. Bizni kuzatib boring va yangiliklardan doimo birinchilardan xabardor boʻling.