Milliy gvardiya Sirdaryo viloyatida joylashgan Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi hamda Navoiy viloyatidagi “Karmana” dala o‘quv markazlarida tizimga yangi kontrakt asosida xizmatga qabul qilingan harbiy xizmatchilar uchun o‘quv kurslari tashkil etildi.
Joriy yilning 28-martidan 13-mayiga qadar Milliy gvardiya Sirdaryo viloyatida joylashgan Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi hamda Navoiy viloyatidagi “Karmana” dala o‘quv markazlarida Milliy gvardiya tizimida yangi kontrakt asosida xizmatga qabul qilingan gvardiyachilar uchun o‘quv kurslari tashkil etildi. Ushbu kurslar harbiy xizmatchilarni har tomonlama yetuk, bilimli va mas’uliyatli kadrlar sifatida shakllantirishga qaratilgan muhim bosqich hisoblanadi.
O‘quv mashg‘ulotlarining asosiy maqsadi tinglovchilarga Milliy gvardiya faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, qo‘mondon buyruq va direktivalari talablarini chuqur o‘rgatishdan iborat. Shu bilan birga, kurs davomida harbiy xizmatchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning axloqiy-ruhiy sifatlarini rivojlantirish, yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tinglovchilarda yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarish, xizmatga sadoqat bilan yondashish, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yuqori darajadagi nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Mazkur o‘quv kurslari harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ularni jismonan chiniqqan, ruhan barqaror va Vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.